13 nafar o‘zbekistonlik iqtidorli talaba Yevropa Ittifoqining Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. Bu haqda dasturning mamlakatimizdagi ofisi xabar berdi.
2025-yilgi tanlov natijalariga muvofiq g‘olib deb topilgan talabalarning 9 nafari qizlar, 4 nafari yigitlardir. Ularning 10 nafari to‘liq Erasmus Mundus granti asosida, 3 nafari esa o‘z mablag‘i hisobidan (non-scholarship) tahsil oladi.
Talabalar o‘z magistrlik ta’limini joriy yil avgust-sentyabr oylarida Ispaniya, Fransiya, Niderlandiya, Germaniya, Portugaliya, Estoniya, Daniya kabi davlatlarda boshlaydi.
Bu yil jamiyatlar uchun barqaror axborot texnologiyalari, innovatsion tibbiyot, kartografiya, xalqaro vaksinologiya, globallashgan dunyoda diniy xilma-xillik, Yevropa huquqi va iqtisodiyoti, kiberfazo, xulq-atvor va elektron terapiya, intellektual mulk va ma’lumotlar huquqi, arxeologik materialshunoslik, Yevropa atrof-muhit iqtisodiyoti va siyosati kabi o‘quv yo‘nalishlari tanlangan.
Ma’lumot o‘rnida: Erasmus Mundus – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YeI dasturidir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi.
Yevropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81906 | Инструменты