Bir qator iqtisodi rivojlangan davlatlar ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha 48 ta shartnoma imzolanishiga erishildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Bahrom Abduvaliyev maʼlum qildi.
Mahallalardagi hokim yordamchilari bilan hamkorlikda 63 ming 678 nafar fuqaroning (Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Litva, Bolgariya, Latviya, Polsha, Belarus va boshqa davlatlar) xorijiy davlatlarga tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashildi.
Shvetsariyaning “GLOBOGATE”, Germaniyaning “Nova Agency”, “Technoconsult” “CBZ Munchen” markazlari bilan hamkorlikda nemis tiliga o‘qitish kurslari, Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” kompaniyasi, “AOIKAI Yaponiya”, “Yume” markazlari bilan hamkorlikda yapon tili, madaniyati va mehmonxona xizmatiga o‘qitish kurslari, Janubiy Koreyaning “Qirol Sejong” markazi bilan hamkorlikda koreys tili va madaniyatiga o‘qitish kurslari tashkil etildi.
Hamkorlikda tashkil etilgan ushbu kurslariga jami 5 191 nafar fuqaro jalb qilindi.
Umuman olganda, yil boshidan xorijda ishlash istagida bo‘lgan 31 876 nafar fuqaro turli kasblarga va chet tillariga o‘qishga jalb qilindi. Ularning 27 651 nafari 30 ga yaqin turdagi kasblarga va 4 225 nafari xorijiy tillariga o‘qishga jalb qilindi.
108 nafar mehnat migrantlari xorijiy davlatlarda bir martalik yashash joylariga joylashtirildi, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 444 nafar yurtdoshimiz esa O‘zbekistonga olib kelindi.
Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimiz ish beruvchilaridan 376,6 ming AQSH dollariga yaqin ish haqlari undirib berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42405 | Инструменты