Huawei 1
“Boburnoma” asari qayta nashr etildi

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541-yilligi oldidan “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Boburnoma” asari qayta nashr etildi.

Zahiriddin Muhammad Boburning ushbu shoh asarida badiiy tasvirga xos talqinlar, voqea-hodisalar bayon etilgan. Asardagi voqea-hodisalar muayyan maʼnoda uning qismat sarguzashtlariga chambarchas tutashib ketadi.

Shu bois ham asarni boshidan-oxirigacha oʻqigan kitobxon oʻsmir Boburni, yigit – shahzoda Boburni, oshiq Boburni, umrbod jangovar lashkarboshi Boburni, shahanshoh va mutafakkir, mehribon ota Boburni barcha zafaru magʻlubiyatlari, fazilatlariyu nuqsonlari bilan toʻliq tasavvur eta oladi.

Muallif “Vaqoeʼ” (“Boburnoma”)ni yozgani qoʻliga qalam olgan kunidan boshlab voqea-hodisalar talqini va kishilar shaxsiyatiga doir fikr-mulohaza va maʼlumotlarning faqat rostini yozishga ahd qilgan. Asar tarixiy voqea va hodisalarga nihoyatda boyligi va oʻsha davr ruhiyatini toʻla ochib berganligi uchun ham qimmatlidir. Shu bois ham bu asar dunyoning bir necha tillariga tarjima qilingan.

Ushbu nashrda birinchi marotaba “Boburnoma”ga oid hujjatli va badiiy rasmlar ilova qilindi. Ayrim matn nuqsonlari tuzatilib, tabdildagi baʼzi bir noaniqliklar bartaraf etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112510 | Инструменты