Portugaliya, Ispaniya va Yevropaning boshqa qator mamlakatlarida 28 aprel kuni kunduzi elektr energiyasi keng ko‘lamda o‘chishi kuzatildi.
Xususan, Publico ma’lumotiga ko‘ra, Lissabonda metro to‘xtab qolgan, yo‘lovchilar vagonlar ichida qamalib qolishgan, Portu shahridagi metro ham yopilgan. Ko‘plab shaharlarda svetoforlar o‘chgan, butun mamlakat bo‘ylab mobil aloqa uzilishlar bilan ishlamoqda, bankomatlar ishlashdan to‘xtagan. Lissabon, Portu va Farudagi aeroportlarda zaxira generatorlaridan foydalanishga o‘tilgan.
Ispaniyaning milliy temiryo‘l kompaniyasi bo‘lmish Renfe yo‘lovchi poyezdlar qatnovi butkul to‘xtatilganini e’lon qilgan.
Fransiya va Germaniyada ham elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar haqida xabar berilmoqda. Euronews ma’lumotiga ko‘ra, Andorradan ham elektr o‘chgani haqida xabarlar kelgan.
Avariyaga uchragan mamlakatlar hukumatlari va elektr ta’minotchilari elektr ta’minotini tezroq tiklash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini ma’lum qilgan.
Soat 17:30 ga kelib (Toshkent vaqti) Fransiyada uzilgan elektr ta’minotini tiklashga muvaffaq bo‘lindi, deb yozadi Publico. Portugaliya va Ispaniya energetika kompaniyalari ham avariya oqibatlarini bosqichma-bosqich bartaraf etmoqda va bu biroz vaqt olishi haqida ogohlantirmoqda.
Uzilish sababi hali noma’lum. Portugaliya vazirlar mahkamasi a’zosi Kastro Almeyda RTP3 telekanalida so‘zlagan nutqida elektr uzilishining sababi kiberhujum bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi, deb yozadi Publico, biroq bu versiya foydasiga dalil keltirilmagan. Shu bilan birga, Portugaliyaning REN energetika kompaniyasi Fransiya janubi-sharqidagi yuqori kuchlanishli liniyalarga zarar yetkazgan yong‘inni nosozlik versiyalaridan biri sifatida ko‘rayotganini ma’lum qildi, deb yozadi Euronews.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42900 | Инструменты