Huawei 2
Bu yil Amudaryo va Sirdaryoda suv hajmi yaxshi bo‘lishi kutilmoqda – suv xo‘jaligi vaziri

Parlament quyi palatasi deputati Muqaddas Tirkasheva suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyevning axboroti eshituvida asosiy daryolarimizga suv kelish prognozlari bilan qiziqdi.

— Markaziy Osiyo davlatlari bilan har yili suv limitlari kelishiladi. Bugungi kunda saylovchilar bilan uchrashganimizda suv tanqisligi haqida ko‘p murojaat qilishadi. Qo‘shtepa kanali qurilishining Amudaryo suviga taʼsiri bo‘layaptimi, degan xavotirlar bildiriladi. Umuman olganda, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolarida suv kelish prognozlari avvalgi yillarga nisbatan necha foizni tashkil qilmoqda? Iqtisodiyot tarmoqlarini kafolatli suv taʼminoti bilan taʼminlash borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?

— Darhaqiqat, 5 ta davlat suv limitlarini o‘zaro kelishadi. Oxirgi yig‘ilishimiz Chimkentda bo‘lib o‘tdi. Unda suv havzalaridagi suv holati muhokama qilindi. Bu yilgi yog‘ingarchiliklar natijasida Amudaryo va Sirdaryo daryolarida suv hajmi yaxshi bo‘lishi bashorat qilinyapti. Hozirgi holatda o‘tgan yilgi daraja kutilyapti. Ko‘p yillik meʼyorlarga nisbatan esa Sirdaryoda 85-90 foiz, Amudaryoda 90-95 foizgacha suv bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Bugungi kunda suv omborlarimizda o‘tgan yilga nisbatan 1,5 milliard kub ortiqcha suv zaxirasi yaratilgan, — dedi vazir. 

Shuningdek, vazir so‘nggi yillardagi ochiqlik siyosati natijasida qo‘shni davlatlar bilan ko‘p masalalarda, jumladan, suv masalasida ham yaqin hamkorlikda ishlar olib borilayotganini taʼkidladi. 

—Suv bizni dushman qilib emas, do‘st qilib, manfaatli hamkorlik qilishga, Xudoning bergan neʼmatidan samarali foydalanishga undaydi, — dedi Sh.Hamroyev. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga