Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro 4 yashar qiz jiyani onasi tarafidan bo‘lgan qarindoshlari, xususan, 2011 yilda tug‘ilgan xolavachchasi K.A. tomonidan muntazam haqorat, qiynoq va zo‘ravonlikka uchrayotgani, K.A. unga nisbatan g‘ayritabiiy harakatlar sodir etayotgani haqida ma’lumot berdi.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, bu voqealar 2024 yil oktyabridan dekabrigacha davom etgan. 2025 yil 4 yanvardan boshlab ota tomonidan bo‘lgan qarindoshlari qizni tibbiy ekspertiza va psixologlarga ko‘rsatgan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qila boshlagan. Biroq Buxoro shahri prokuraturasiga qilingan murojaatlar tergov harakatlarisiz darhol yopilgan.
“Bu holatdan norozi bo‘lib, Bolalar ombudsmaniga va Respublika Bosh prokuraturasiga murojaat qildik. Ular holatni o‘rganib, jinoyat ishi qayta ochilishi lozimligi haqida prokuraturaga rasmiy xat yubordi. Shunga qaramay, Buxoro shahri prokuraturasi ishni ikkinchi bor ham yopib qo‘ydi. Bu esa bizda katta norozilik uyg‘otdi, chunki begunoh bolalar taqdiri, ularning ruhiy va jismoniy salomatligi e’tibordan chetda qolmoqda”, deya ta’kidladi murojaatchi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, Bolalar ombudsmaniga fuqaro A.N. murojaat etib, voyaga yetmagan farzandi M.A.ga jismoniy tazyiq o‘tkazib, tan jarohati yetkazgan shaxsga ichki ishlar organlari tomonidan qonuniy chora ko‘rilmaganini bildirgan. Bolalar ombudsmani bolaning manfaatlarini ta’minlash maqsadida Bosh prokuraturaga so‘rov yuborgan.
Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan holat tekshirib chiqilib, ilgari jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror joriy yil 1 aprel kuni bekor qilingan va hozirda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Fuqaro A.N.ga bolaning qonuniy vakili sifatida ishda ishtirok etish va boshqa protsessual huquqlari tushuntirilgan.
“Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, dedi Surayyo Rahmonova.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51523 | Инструменты