Buxoroda “Nafosat” festivaliga start berildi

Shu kunlarda qadimiy Buxoroda O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash komissiyasi tashabbusiga binoan “O'zto'qimachiliksanoat” uyushmasi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida kiyinish madaniyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Nafosat” festivali bo'lib o'tmoqda.

Bugun, festivalning dastlab kunida Buxoro dizaynerlari va hunarmandlari tomonidan yaratilgan milliy liboslar ko'rgazmasining ochilishi o'tkazildi.  So'zga chiqqan Buxoro viloyat hokimi o'rinbosari Y.Jumayev so'nggi yillarda jamiyatimizda xotin-qizlarning mavqeini yanada yuksaltirish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash masalalari davlatimiz siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri sifatida belgilanganligini alohida qayd etdi.
Xususan, ijtimoiy hayotda ayollarning o'rni ortib borgan sari ularning kiyinishiga, tashqi ko'rinishiga e'tibor ham asosiy o'ringa chiqishi alohida ta'kidlanib, bugungi kunda xotin-qizlar o'rtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishdagi kiyimlar andozasini muntazam ravishda targ'ib qilib borishni davrning o'zi taqozo etayotgani ta'kidlandi.  

Xorijlik va o'zbekistonlik dizaynerlar, yoshlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida esa mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ilg'or ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to'g'risidagi “Made in Uzbekistan” nomli rolik namoyish etildi.

Shuningdek, festival doirasida “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzusida seminar-trening o'tkazildi. Unda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, ilg'or dizaynerlar “Moda va an'analar” va “Yetakchi mutaxassislar va o'zbek dizaynerlari tomonidan zamonaviy o'zbek ayolining imiji” kabi bir qancha dolzarb mavzular yuzasidan o'z ma'ruzalari bilan ishtirok qilishdi.

Shu kuni “Buxoro milliy liboslari tarixi”,  modalar namoyishi o'tkazildi. Festivalda o'z liboslari bilan “OVATSIYA” modalar teatri ham ishtirok etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41701 | Инструменты