Chiqindidan qarzdorlik uchun elektr to‘lovlariga kiritilgan cheklovlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi asossiz qarzdorlik uchun elektr ta’minotiga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yubordi.

Qo‘mita hamda uning hududiy organlariga 2025-yilda qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari bo‘yicha 1141 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki oylarida bu murojaatlar soni 850 dan ortiqni tashkil etgan.

Murojaatlarda asosan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmatlar sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi hamda oqibatda fuqarolarning elektr energiyasi to‘lovlariga cheklovlar qo‘yilgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.

O‘rganishlarda ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqib ketishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotgani hamda fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani aniqlandi. Murojaatlarning asosiy qismi Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi quyidagi choralarni ko‘rish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga so‘rov yubordi:

  • chiqindilarni o‘z vaqtida va sifatli olib chiqib ketishni ta’minlash;
  • asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish;
  • asossiz qarzdorlik sabab elektr energiyasi to‘lovlariga kiritilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish.

Nazorat organi amaldagi qonunchilik bilan chiqindi xizmatlari belgilangan muddat va davriylikda amalga oshirilishi shartligini, shuningdek, xizmat ko‘rsatilmagan yoki sifatsiz ko‘rsatilgan hollarda iste’molchi tegishli davr uchun to‘lovdan ozod etilishi belgilanganini eslatdi.

Qo‘mita fuqarolarni xizmat sifati bilan bog‘liq holatlarda murojaat qilishga chaqirib, o‘rganishlar davom etishini bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21214 | Инструменты