Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda aholi chiqindi pulini to‘lamagani uchun elektr energiyasini o‘chirib qo‘yishni boshlagani haqidagi xabarlar tarqaldi. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib borish amaliyoti belgilangan.Shuningdek, farmonda chiqindi qarzdorligi bo‘yicha ogohlantirilgandan keyin ham to‘lov qilmagan shaxslarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
«Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyidan boshlab «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning 2100 qisqa raqami orqali ogohlantirish xabarlarini yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan chiqindi bo‘yicha ogohlantirish xabari yuborilgandan so‘ng, qarzdorlikni bartaraf etmagan iste’molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritish bo‘yicha ham texnik ishlar olib borilayotganini ma’lum qilamiz.
Shu o‘rinda chiqindi qarzdorligi uchun yuborilgan xabarnomalar bo‘yicha iste’molchilardan kelib chiqayotgan shikoyatlar yuzasidan chiqindi yig‘ish va tashish xizmatlariga murojaat qilishlarini so‘raymiz. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida xabar yuborayotganini ma’lum qiladi», deyiladi rasmiy munosabatda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122117 | Инструменты