Vazirlar Mahkamasi Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar yer maydonida $5 mlrdlik umummavsumiy kurort majmuasini qurish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifini eng yaxshi deb topdi.
Loyihaning bosh rejasini ishlab chiqishga Buyuk Britaniyaning Scott Brownrigg kompaniyasi jalb qilingan.
Toshkent viloyati hokimligiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ro‘yxati quyida keltirilgan yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari va ijarachilarining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini bosqichma-bosqich bekor qilish, ularni tuman hokimligi tasarrufidagi bo‘sh turgan yer uchastkalari sifatida hisobga olish hamda yer toifasini o‘zgartirish maqsadida Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga kiritish topshirildi.
Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasiga Bo‘stonliq tumani hududidan 577 gektar yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Ijara muddati yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor huquq bilan 25 yilni tashkil etadi. Loyiha 2025−2035 yillar oralig‘ida amalga oshiriladi.
Tashkilot 577 gektar yer uchastkasini 25 yilga ijaraga berishning bozor narxini 1,7 trln so‘mga baholagan. Biroq, 0,01 ga kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilgandan so‘ng, yakuniy summa 17 mlrd so‘mni tashkil etadi, ijaraga oluvchiga uni 5 yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Tasdiqlangan master-reja asosida yer maydonlarini lotlarga ajratish rejalashtirilgan. Har bir uchastkada O‘zbekiston Yer kodeksida belgilangan tartibda kelishilgan shartlar asosida o‘z shartnoma va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat etiladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasiga ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan shartlar asosida Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi bilan investitsiya shartnomasini tuzish topshirildi.
Investorning asosiy majburiyatidan biri ekologik talablarga rioya qilish, shu jumladan, loyihani amalga oshirish davrida va ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarning Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, oqova suvlarni Chirchiq shahri oqova suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirish hisoblanadi.
Ushbu talabga rioya etmaslik loyihani to‘xtatishga va yerga bo‘lgan ijara huquqining bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida quyidagilarga ruxsat beriladi:
Sea Breeze Uzbekistan yetakchi xorijiy va milliy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda “rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar va ekologik talablar” asosida umummavsumiy kurort hududini rivojlantirish bo‘yicha master-rejalar, tarmoq rejalari va manzilli dasturlarni ishlab chiqadi.
Developerga umummavsumiy kurort hududida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha investorlar bilan muzokaralar olib borish, salohiyatli investorlarni tanlash, ular bilan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilovchi bitimlar tuzish va ularning ijrosini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.
Yana bir vazifa — umummavsumiy kurort hududida loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida texnik shartlarga amal qilish to‘g‘risida bitimlar tuzish va ularning ijrosini monitoring qilish.
Hukumat Sea Breeze Uzbekistan’ga “zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha katta tajribaga ega mahalliy va xorijiy kompaniyalarni” jalb qilish va ularga zamonaviy usublar, energiya-tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallarini qo‘llash yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berish majburiyatini yuklaydi.
Qurilishga salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilish uchun barcha mavsumiy kurort majmuasi loyihasi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, Sea Breeze Uzbekistan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini qurish uchun infratuzilma yig‘imini to‘lashi kerak.
Toshkent viloyati hokimligiga investor bilan birgalikda loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar tugatilganidan keyin ularni bo‘sh yerlar sifatida hisobga olish topshirildi. Bo‘stonli tumani hokimligi va Sea Breeze Uzbekistan o‘rtasida Vazirlar Mahkamasi qarori va investitsiya bitimida nazarda tutilgan shartlarda yer ijara shartnomalari tuzilishi kerak.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilariga yetkazilgan zararlar Toshkent viloyati mahalliy budjetiga Sea Breeze Uzbekistan tomonidan ajratiladigan $5 mln miqdoridagi mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi. Mavsumiy kurort majmuasining umumiy maydoni — 577 gektar.
“Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasiga ikki hafta muddatda Sea Breeze Uzbekistan’ga erkin turistik zona ishtirokchisi maqomini berish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80414 | Инструменты