Huawei 1
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hajga boruvchilarga ogohlantirish bilan chiqdi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita firibgarlarga aldanmasliklari uchun hajga boruvchilarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Qo‘mitaning bildirishicha, ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Falon firma bilan haj qiling!”, “Haj safari uchun sanoqli joy qoldi!”, “Haj uchun yarim narxni to‘lang!” kabi jimjimador sarlavha ostidagi reklamalar ko‘paymoqda. Ayrimlar umra vizasi, turistik (ziyorat) viza, biznes viza bilan haj qilishni vaʼda qilmoqda, buning mutlaqo imkoni yo‘q. Saudiya Arabistonida haj amallarini bajarish uchun haj-2024 vizasi bo‘lishi shart.

Saudiya Arabistoni podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq chet el fuqarolari uchun haj ibodatini ado etishning asosiy sharti haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar (umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar) bilan haj tadbirini amalga oshirish Saudiya qonunchiligiga ko‘ra qatʼiyan taqiqlangan va tegishli tartibda jazolanadi.

“Unutmang! O‘zbekiston uchun ajratilgan haj kvotasi faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etiladigan haj safariga otlangan ziyoratchilarga ajratilgan, shunday ekan, ayrimlarning O‘zbekiston orqali haj safariga jo‘natamiz, degan aldovlariga uchmang. Ular fuqarolarni boshqa davlatlar orqali noqonuniy tarzda olib ketishga urinmoqda. Bu esa qonuniy asosga ega bo‘lmagan va haj tashkil etishga vakolati yo‘q kimsalarning urinishidir”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu kabi xatti-harakatlar Saudiya Arabistoni podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida qatʼiy chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi. Haj safariga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish 6 oy qamoq jazosi, Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yilga kirishni taqiqlash hamda 100 ming saudiya riyoli (26 ming AQSH dollari) miqdorida jarima solishga olib keladi.

Maʼlumot uchun, birgina 2022—2023-yillardagi haj mavsumida O‘zbekiston fuqarolari turistik, biznes va boshqa vizalar orqali Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, haj amallari bajariladigan hududlarga kira olmagan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga