Dubay prokuraturasi joriy yilning aprel oyida shahardagi benzin quyish shoxobchasida ikki guruh o‘rtasida yuz bergan janjal yuzasidan tergov olib bormoqda. Mojaro vaqtida 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Bu haqda “Khaleej Times” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa qurbonlar o‘z avtomobillarining shinasi havo bosimini tekshirtirish uchun shoxobchaga kelgan paytda, ilgari yuz bergan nizo ortidan boshlangan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda yaqin atrofda bo‘lgan politsiya xodimi darhol rasmiylarga xabar bergan.
Tergov davomida aniqlanishicha, ikki guruh alohida mashinalarda shoxobchaga kelgan. Qurbonlardan biri qizil rangli Mercedes avtomobilidan tushib, shinani tekshirayotgan paytda unga bir guruh erkak hujum qilgan. Ikkinchi jabrlanuvchi esa qochishga uringan, biroq boshqa bir guruh tomonidan ushlanib, unga ham zo‘ravonlik qilingan.
Voqea joyiga yetib kelgan Dubay politsiyasi hududni tekshirgan va mojaro ishtirokchilari tomonidan qoldirilgan buyumlarni dalil sifatida olgan. Voqea joyidagi kuzatuv kameralaridan olingan yozuvlar va guvohlarning ko‘rsatmalari yordamida huquq-tartibot organlari hodisa tafsilotlarini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Olib borilgan tezkor tergov natijasida hodisaga aloqador 11 kishi, shu jumladan bosh gumondorlar boshqa bir amirlikdagi mehmonxonada hibsga olingan. So‘roq vaqtida ular hodisada ishtirok etganini tan olib, bunga oldingi ziddiyatlar sabab bo‘lganini aytgan.
Rasmiylar voqea shaxsiy nizo asosida kelib chiqqanini, ishtirokchilar bir-birlarini ilgari tanigani va shaxsiy kelishmovchiliklar mavjud bo‘lganini tasdiqlagan. Ish qo‘shimcha yuridik chora-tadbirlar ko‘rish uchun prokuraturaga topshirilgan. Dubay politsiyasi bunday zo‘ravonlik holatlari shaharda kamdan-kam uchrashini, Dubay esa dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61719 | Инструменты