Huawei 1
DXX Toshkent va Andijonda qalbaki chet el valyutalarining muomalaga chiqarilishini oldini oldi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1993-yilda tug'ilgan shaxs 50 AQSH dollari kupyuralaridan iborat bo‘lgan qalbaki 19250 AQSH dollarini haqiqiy 10 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Rossiya Federatsiyasidan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1991-yilda tug'ilgan fuqarodan kelgusida o‘tkazish maqsadida sotib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Bu yo‘nalishda DXX xodimlari Andijon shahrida ham Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Unda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1981 va 1982-yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs qalbaki 500 ming AQSH dollarini xaridor bilan haqiqiy 325 ming AQSH dollariga ayirboshlashga kelishib, dastlab unga namuna sifatida Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan 100 AQSH dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 7600 AQSH dollarini haqiqiy 5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Chilonzor tumanida joylashgan “Erkin” YPX maskanida “Lasetti” rusumli avtomashinani to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Buxoro shahrida yashovchi, 1973-yilda tug'ilgan muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 100 AQSH dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 8900 AQSH dollari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Maʼlum bo‘lishicha, mazkur fuqaro Turkiyada tayyorlanib, Qirg‘iz Respublikasi orqali O‘zbekistonga olib kelingan ushbu qalbaki xorijiy valyutlarni kelgusida sotib, daromad topish maqsadida Toshkent shahriga kelayotgan bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60611 | Инструменты