Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda narkolaboratoriya fosh etildi.
Xususan, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, 35 yoshli 2 nafar fuqaro mazkur tumandagi dala xovlilardan birida yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, unda “Mefedron” sintetik narkotik moddasini tayyorlab, sotish bilan shug‘ullanishgan.
Xonadon ko‘zdan kechirilganda jami 1 kg.12 gr “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi, uni tayyorlashda foydalaniladigan kimyoviy suyuqliklar va boshqa zarur uskunalar borligi aniqlandi.
Shuningdek, ulardan biriga tegishli kafening alohida xonasida 18 gr “opiy”, 33 gr “gashish”, 2 gr “mefedron” narkotik moddalari borligi ham ma’lum bo‘ldi.
Ular “Telegram” messenjeri orqali mijoz topib, narkotik moddalarni xufiya joylarga yashirib ketish orqali sotishgan.
Tezkor tadbirlar natijasida ular tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududidagi 15 ta xufiya joyga sotish maqsadida 7 gr. “Mefedron” va 8 gr “gashish” narkotik moddalari yashirib ketilganligi ham aniqlandi.
Shuningdek, qonunbuzarlar o‘zlarining jinoiy harakatlariga 1993-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, kimyo sohasida bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan fuqaroni jalb etishgan. O‘z navbatida u zarur kimyoviy elementlardan foydalangan holda “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini tayyorlagan.
Narkotiklarni xufiya joylarga joylashtirish bilan esa Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, 2000 y.t. shaxs shug‘ullangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121710 | Инструменты