Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida yolg‘on xabar berish bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1990-yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Nurulloh Mavlonov o‘zining novvoy tanishi va boshqa bir nechta shaxslar ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yolg‘on xabar bergan.
U 2023-yil 15-dekabr kuni DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqarolar B.Ibragimov, A.Mamajonov va boshqa shaxslarning turli xildagi taqiqlangan diniy uyushmalarga a’zoligi, ular odamlarni “jihod” qilish, “shahid” bo‘lish kabi harakatlarga undayotgani hamda O‘zbekiston hududida o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida N.Mavlonovning arizasida ko‘rsatilgan holatlar yolg‘on xabar ekani aniqlangan.
Nurulloh Mavlonov o‘z arizasida 2023-yilning sentabr oyida Marg‘ilon shahrida yashovchi, novvoychilik bilan shug‘ullanuvchi B.Ibragimov bilan tanishganini, ushbu shaxs uni asta-sekinlik bilan diniy amallarni bajarishga da’vat qila boshlaganini, oktyabr oyida Ibragimov o‘zini Farg‘ona shahrida joylashgan xonadonlardan biriga taklif qilib, Marg‘ilon shahrida yashovchi A.Mamajonov hamda Qo‘qon shahridan bo‘lgan Anvar va Toshloq tumanidan bo‘lgan Akmal ismli shaxslar bilan tanishtirganini, shundan so‘ng ushbu shaxslar bilan Marg‘ilon shahridagi “Asr”, “Yangi davr” va “Sharq” choyxonalaridagi diniy yig‘ilishlarda qatnashganini keltirgan.
Shuningdek, u 2023-yil oktyabr oyida B.Ibragimov daromadli ish borligini aytib, uni Farg‘ona shahri Abdulla Qodiriy mavzesida joylashgan xonadonlardan biriga olib kelgani va qora rangli qopga o‘ralgan 2 ta o‘qotar qurollar – “PM” to‘pponchasi hamda “Kalashnikov” avtomatini olib chiqib, to‘pponchani unga berganini, Ibragimovdan ushbu qurollar nima maqsadda saqlanayotganini so‘raganida, 2023-yil 29-dekabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi kutilayotgan qo‘poruvchilik harakatlarida foydalanilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilganini bayon etgan.
Bundan tashqari, u arizasida B.Ibragimov Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilotlar safiga O‘zbekiston fuqarolarini jo‘natish bilan shug‘ullanib kelishini, uning topshirig‘iga binoan 2023-yil 1-dekabr kuni Farg‘ona shahri markazida namanganlik Behzod ismli hamda Toshkent shahridan bo‘lgan shaxslar bilan uchrashib, ularni Toshkent shahriga jo‘natib yuborganini, ushbu shaxslar “Toshkent-Rossiya-Turkiya-Suriya” yo‘nalishidagi aviareyslar orqali uchib ketib, Suriyadagi terrorchi tashkilotlar safiga qo‘shilgani haqida ma’lumot bergan.
Sudda sudlanuvchi arizasida ko‘rsatib o‘tilgan ushbu holatlar bo‘lmaganini, ya’ni yolg‘on ekanini aytib, aybiga iqror bo‘lgan. U mazkur yolg‘onni o‘ylab topishdan maqsadi qarzlaridan qutulish bo‘lganini bildirgan. Ya’ni Marg‘ilon shahrida yashovchi bir nechta fuqarolarning ustidan DXXga yolg‘on ma’lumot bersa, ular qarzlarini so‘rashmaydi deb o‘ylagan.
Sud hukmiga ko‘ra, Nurulloh Mavlonov Jinoyat kodeksining 237-moddasi 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111705 | Инструменты