Oxirgi 2-3 yilda poytaxt atmosfera havosining yomonlashuvi bo‘yicha turli xalqaro reytinglarda "yuqori" o‘rinlarda qayd etilmoqda. Buning oldini olish va barqaror ekologik muhitni saqlab qolishning yagona yo‘li esa daraxtlarni ko‘paytirish va borlarini saqlab qolishdir.
Ammo afsuski, davlat rahbarining tegishli farmoniga muvofiq davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan bo‘lsa-da ayrim hududlarda daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish holatlari uchramoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Anhor-Lokomotiv” bog‘i va unga tutash hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi rejalashtirilganligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Bu esa keng jamoatchilik va “Anhor-Lokomotiv” bog‘i yaqinida istiqomat qiluvchi aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Ayni shu holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov tomonidan “Anhor-Lokomotiv” bog‘i madaniy xordiq chiqarish va dam olish maskani sifatida saqlab qolish choralari belgilanganmi, bog‘ va unga tutash hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylar, mehmonxona va sport majmuasi qurilishi qonun hujjatlariga qanchalik muvofiq keladi, degan mazmundagi savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligiga deputatlik so'rovi yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22110 | Инструменты