Ellikqal'ada eshaklar qabristoni aniqlandi. Ularning go'shti hozir sotuvda bo'lishi mumkin
Ellikqalʼa tumanining “Taza-bagʻ” va “Qirqqizobod” OFY hududlarida eshaklar “qabristoni” aniqlandi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, soʻyilgan eshak suyaklari 3 ta maydonga tashlangan. Ularning bittasida 55 ta eshakning qovurgʻalari borligi maʼlum boʻlgan.
Mazkur hodisa joriy yil 12-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan videotasvirdan keyin aniqlanganligi aytilgan va videotasvirda eshaklar odamlarga tarqatilayotgan boʻlishi mumkinligi ta'kidlangan.
"Agar, u hayvonot bogʻlariga olib ketiladigan boʻlganida suyaklari bilan ketishi kerak edi. Eshaklar mohir qassob tomonidan soʻyilgan-ki, qovurgʻa suyaklaridan goʻshtlar silliq ajratib olingan. Qabristonda yangi soʻyilgan eshaklarning qovurgʻa suyaklaridan tashqari kallasini, quloqlarini koʻrish mumkin."- deyiladi xabarda.
Videotasvirda maʼlumot berilishicha, eshak suyaklari joriy yil yanvar oyidan buyon 3 marotaba olib kelib tashlangan.
Ushbu holat bo'yicha Ellikqalʼa tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi, hayvonlar kasalliklarini aniqlash, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va boshqa mutaxassislar tumandagi barcha goʻsht doʻkonlarida tekshiruvlar oʻtkazgan. Tuman aholisi oʻrtasida eshak sotib olishni soʻragan va sotib olgan fuqarolar haqida soʻrishtiruv ishlari boshlangan. Lekin, hozirgacha eshaklar nima maqsadda soʻyilganligi boʻyicha maʼlumot yoʻq.
Ellikqalʼa tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi tumandagi goʻsht doʻkonlarida asosan qora mol goʻshti sotilishini, qora mollar esa “Ellikqalʼa” OFY hududidagi kushxonada soʻyilishini maʼlum qildi.
Hozirda kushxona va tumandagi goʻsht doʻkonlarida sotilayotgan goʻshtlarning yaroqlilik maʼlumotnomasi va goʻshtga qoʻyilgan kleymolari mavjud ekanligi oʻrganilmoqda.
Mazkur hodisa yuzasidan tuman hokimligiga, prokuraturasiga va Ichki ishlar boʻlimiga ham murojaat qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12210 | Инструменты