Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3759, 21.01.2026 y.).
Unga ko‘ra, kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqaroga, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb eʼtirof etilganda, mazkur onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undan undirishni to‘xtatadi.
Kredit tashkiloti onlayn kredit ajratishda frod holatini sodir etgan shaxsdan yetkazilgan moddiy zararni regress tartibida undirishi mumkin.
Kredit tashkiloti frod holatiga shubha qilganda qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Surishtiruv, dastlabki tergov natijalari yoki sudning qaroriga asosan frod holati yuz bermaganligi aniqlanganda kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undirishni davom ettiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12117 | Инструменты