Endi avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining soat 23:00 dan 06:00 ga qadar harakatlanishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Bu Prezident topshirig‘iga asosan qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.
Qaror imzolangan kundan boshlab qator yengilliklar joriy qilinadi.
Xususan, soat 23:00 dan 06:00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.
Avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan. Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yo‘nalishlari o‘z ishini tugatishini hisobga olib hamda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin bo‘ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.
Avvalroq, shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshirilishi xabar qilingandi. Jumladan, 1-iyundan boshlab O‘zbekiston shaharlarida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, radarlar 1 iyundan boshlab yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmasligi xabar qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51705 | Инструменты