Faktoring bo'yicha zamonaviy qonunchilik bazasi yaratiladi

Qonun bilan (O'RQ-1058-son, 17.04.2025 y.) ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.

Qonunga muvofiq, Fuqarolik kodeksiga pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) to'g'risidagi umumiy qoidalar kiritildi.

Faktoring haqidagi bildirishnoma garov reyestrida ro'yxatdan o'tkazilgandan keyin pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish uchinchi shaxslarga nisbatan kuchga ega bo'ladi.

Faktoring shartnomalari bo'yicha moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish tartibi belgilandi.

Bunda, aynan bir mijoz tomonidan ayni bir pul talabnomasidan yoki uning bir qismidan boshqa shaxs foydasiga bir martadan ortiq voz kechish amalga oshirilgan taqdirda, moliya agentlarining talablari navbat tartibida qanoatlantiriladi.

Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida”gi Qonunga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) qatoriga quyidagilar kiritildi:

- Kafolatlar berish  tashkiloti faoliyatini amalga oshirish;
- Faktoring tashkiloti faoliyatini amalga oshirish.

Bundan tashqari, vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro'yxatiga quyidagilar kiritildi:

- Nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush olinganligi to'g'risida xabarnoma;

- Faktoring tashkilotining filialini ochganlik yoki yopganlik haqidagi xabarnoma.

Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21902 | Инструменты