Huawei 1
Farg‘ona davlat universiteti FDU xalqaro reytingda 3-o‘rinni egalladi

Yaqinda Turkiyaning “HE” – “Higher Education Ranking” xalqaro reyting tashkiloti 2024 yilgi reyting natijalarini rasman e’lon qildi. Quvonarlisi, Farg‘ona davlat universiteti ushbu ro‘yxatning yuqori o‘rnidan joy egalladi.

Universitetning rasmiy elektron manziliga yo‘llangan reyting sertifikatida mukammallik, ta’limning yuqori darajasini saqlab qolish, ilmiy -tadqiqot ishlari ko‘lami, bilim va innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha Farg‘ona davlat universiteti faoliyatiga yuqori baho berilgan va dunyoning 65 ta mamlakatidan ishtirok etgan jami 303 ta universitet orasidan uchinchi o‘ringa munosib deb topilgan.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, mazkur xalqaro reyting tizimida universitetlar 4 ta yo‘nalishda 25 ta mezon va 138 ta ko‘rsatkichga ko‘ra baholanadi. Bunda eng asosiy e’tibor – tadqiqot ishlari, o‘qitish tizimi, professor-o‘qituvchilar va xodimlar nisbati, akkreditatsiya, xalqaro faoliyat kabi mezonlarga qaratiladi.

O‘zbekistondan esa hozirgi kunda 6 ta oliy o‘quv yurti – Jizzax politexnika instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Nagoya universiteti Toshkent filiali reytingda ishtirok etgan bo‘lsa, ular orasida eng yuqori ko‘rsatkich 3-o‘rin (8448 ball) bilan Farg‘ona davlat universitetida qayd etildi.

Ushbu reyting tashkiloti barcha mezonlarni aniqlashda haqqoniylik, adolatlilik, tenglik prinsiplariga tayangan holda ish olib boradi va bunday yondashuv orqali oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlarini yanada oshirish, xalqaro maydonga kirib borish, ilmiy izlanishlar, o‘quv jarayonini takomillashtirishga erishish va mehnat bozori talablariga muvofiq rivojlanish maqsadlarini ko‘zda tutadi.

Farg‘ona davlat universiteti faoliyati xalqaro e’tirof etilgan reytinglarda aks etmoqda va dunyoning kuchli universitetlari qatoridan joy egallashga qaratilgan strategiya o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20718 | Инструменты