“Farmatsevtika tarmog'ida ishlab chiqarishni rag'batlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–35-son, 05.03.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, 2026-yilda farmasevtika tarmog'ini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- ishlab chiqarish hajmini 8,5 trln so'mga yetkazish;
- qiymati 1 mlrd AQSH dollari bo'lgan istiqbolli investisiya loyihalarini shakllantirish;
- 800 mln AQSH dollarlik yangi investisiya loyihalarini boshlash.
Farmonga ko'ra, original dori vositalarining patent muddati tugagandan so'ng 1 yil ichida:
- ushbu dorilarning ishlab chiqaruvchilariga texnologiyalar transferi xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming AQSH dollaridan ko'p bo'lmagan qismi;
- yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 ming AQSH dollaridan ko'p bo'lmagan qismi qoplab beriladi.
2027-yil 1-yanvardan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo'lgan korxonalarga ularning ishlab chiqarish liniyalarida sertifikat amal qilish muddatida biologik faol qo'shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Farmonga ko'ra, 2026-yil 1-iyundan farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, soliqlar va yig'imlarni to'lash bo'yicha BHMning 2 baravaridan ko'p bo'lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo'lganda, qarzdorlik ushbu miqdordan yuqori bo'lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab 10 kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2028-yil 1-yanvardan boshlab:
- biologik faol qo'shimchalarga ruxsatnoma berishda Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HAACP) tizimi joriy etilganligi talab etiladi;
- biologik faol qo'shimchalar majburiy raqamli markirovkalashdan o'tkaziladi.
O'zbekiston kimyo-farmasevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmasevtika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31011 | Инструменты