Tahlillarga ko‘ra, dunyoda 500 million nafardan ortiq inson gepatit virusi tashuvchisi hisoblanadi. Bu — OIV va barcha turdagi saraton kasalliklariga chalingan umumiy bemorlar sonidan 12 baravar yuqori ko‘rsatkich. Qolaversa, sayyoramiz bo‘yicha yiliga bir milliondan ortiq odam gepatit tufayli vafot etmoqda.
Shu bois ushbu xastalikka chalingan bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, unga tashxis qo‘yish va davolash muhim masala hisoblanadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi — mazkur yo‘nalishda yurtimizdagi bosh muassasa. Bu yerda nafaqat gepatit, balki inson hayotiga xavf tug‘diruvchi bir qancha yuqumli xastaliklarni samarali aniqlash, davolash yo‘lga qo‘yilgan.
— Shu yil boshidan buyon muassasamiz va uning hududiy filiallarida virusli gepatitning C turini qonda ekspress-test orqali tezkor hamda polimeraz zanjir reaksiyasi usulida aniqlash yo‘lga qo‘yildi, — deydi markaz direktori Botir Tojiyev. — Shuningdek, klinik ahamiyatga ega patogenlarning antibiotiklarga sezgirligini EUCAST talablariga muvofiq tekshirishni joriy qildik.
Gepatit C ni etiotrop muolaja qilish hamda antibakterial davolashning ratsional yondashuvi amaliyotga tatbiq etildi.
Buning uchun yaqinda markazimizga jigar fibrozi va sirrozini erta aniqlashga mo‘ljallangan ilg‘or fibroskan apparati olib kelinib, ishga tushirildi.
Hozir kunlik 100 qatnovga mo‘ljallangan maslahat-diagnostika poliklinikamizda yuqumli kasalliklar bilan murojaat qilgan bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Bundan tashqari, bu yerda tashkil etilgan mobil klinika orqali joylarda yuqumli xastaliklarga chalingan va gumon qilingan bemorlar muntazam ravishda tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilyapti.
Shifo maskanimizda, shuningdek yuqori molekulyar-genetik usullar yordamida viruslarni aniqlashga mo‘ljallangan zamonaviy laboratoriya, 2 ta Milliy kolleksiya va ilmiy izlanishlar olib boruvchi 4 ta laboratoriya ishlab turibdi.
Ayni paytda markaz jamoasi tumanlar darajasida yo‘lga qo‘yilgan yuqori texnologik diagnostika va davolash usullarini ko‘paytirish choralarini ko‘rmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21906 | Инструменты