Huawei 1
Hokimlarga suv fondi kadastri qachon to‘liq bo‘ladi, deb kutib o‘tirmasdan, hujjati tayyor bo‘lgan bo‘sh yerlarni aholiga eksportbop ekin ekish uchun bo‘lib berish topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer hisobini yuritish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, suv havzalarini, kanal va kollektor atrofidagi bo‘sh yerlarni aholi va tadbirkorlarga berish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Lekin, yer balansida suv fondi yerlarining bor-yo‘g‘i 0,3 foizi ekin yeri sifatida ko‘rsatilgan. Bu haqiqiy ahvoldan yiroqligi, zero suv xo‘jaligida yerlarning aksariyatida egalik hujjati mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Aslida, suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olishning birdan bir yo‘li – ularni to‘liq kadastrdan o‘tkazish. Bu ish o‘rniga ham, oziq-ovqat uchun ham qo‘shimcha zaxira bo‘ladi.

Mutasaddilarga suv fondi yerlarini tartibga solish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Hokimlarga suv fondi kadastri qachon to‘liq bo‘ladi, deb kutib o‘tirmasdan, hujjati tayyor bo‘lgan bo‘sh yerlarni aholiga eksportbop ekin ekish uchun bo‘lib berish topshirildi.

Yig‘ilishda yo‘l xo‘jaligida ham shu ahvol ekani ta’kidlandi. Ko‘pgina ichki yo‘llar va unga tutash yerlarning hujjati yo‘qligi bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi yilda “Tashabbusli budjet” va “Mening yo‘lim” loyihalariga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ta’mirlanadigan ichki yo‘llarni loyihalashda ularga kadastr hujjatini tayyorlashni ham nazarda tutish topshirildi.

Ayrim vazirliklarga berilgan yer va binolar kadastri ham qoniqarsizligi qayd etildi. Ba’zi ob’yektlarning egalik hujjati yo‘qligi aniqlangan. Ushbu yerlarning hujjati yo‘qligi sababli talon-toroj qilingan holatlar mavjud.

Vazirliklarga o‘zlariga qarashli barcha yer va binolarni hujjatlashtirishni yakuniga yetkazish, Bosh prokuraturaga ushbu ishlarning qat’iy nazoratini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122706 | Инструменты