Xabaringiz bor, O‘zbekistonda 1-maydan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshirildi. Shuningdek, energoresurslar iste’moli bo‘yicha oyiga 200 kilowatt soatlik ijtimoiy norma ham joriy etildi. O‘zgargan to‘lov miqdori bo‘yicha yuzaga kelgan tushunmovchilik sabab fuqarolardan biri sudga murojaat bilan chiqdi. Ya’ni, arizachi elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha bir oylik iste’molning bazaviy me’yorlarini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan hamda Hukumatning tegishli qarori ustidan shikoyat keltirgan. Shu tufayli, mazkur ish yuzasidan sud majlisi o‘tkazildi. Bu haqda Uzreport TV muxbiri Shahzod O‘roqboyev xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy norma bilan bog‘liq ariza Oliy sudning joriy yil 19-iyundagi ajrimi bilan ish yuritishga qabul qilinmagan. So‘ngra, arizachi ushbu qaror ustidan sudga appelatsiya shikoyati bergan hamda u qanoatlantirilgan. Shundan kelib chiqib sud yig‘ilishi chaqirilib, unda VM mas’ul xodimi, OAV xodimlari, prokuror va boshqa taraflar qatnashdi. Dastlab, arizachining ishonchli vakili sudga holat bo‘yicha o‘z fikr-mulohazlarini bildirdi.
Keyinchalik, prokuror ham so‘z olib, 19-iyundagi Oliy sud ajrimini o‘zgarishsiz qoldirish va appelatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslikni so‘radi. Sud tomonlarni eshitib hukm qildi.
Sudyaning ma’lum qilishicha, 19-iyundagi ajrimini bekor qilishga asoslar aniqlanmaganligi sababli mazkur ajrim o‘zgarishsiz qoldirildi.Sud qaroridan keyin arizachining ishonchli vakili o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ishonchli vakil nutqi davomida aholining ma’lum qismi gazlashtirilmagan hududlarda yashashini ham inobatga olish kerakaligini aytdi. Shuningdek, u keyingi instansiya sudiga ham murojaaat qilishi mumkinligi haqida gapirdi va VM mas’uli sudga kelganini ijobiy baholab, xalqning e’tirozlariga hukumat befarq qaramayotganligini aytdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 73103 | Инструменты