Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi
Hukumat qarori (539-son, 24.08.2021 y.) bilan Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga ko‘ra, ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovi quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
- “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i”;
- “Eng yaxshi profilaktika inspektori”;
- “Eng yaxshi tergovchi”;
- “Eng yaxshi tezkor xodim”.
Tanlovda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, tergov va tezkor-qidiruv faoliyati sohalarida kamida bir yil, “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i” nominatsiyasi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organi rahbarlik lavozimlarida kamida ikki yil amaliy ish tajribasiga ega ichki ishlar organlarining xodimlari ishtirok etadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar IIVning “www.iiv.uz” rasmiy veb-sayti orqali har yili iyun-iyul oylari davomida ro‘yxatdan o‘tadi.
Tanlov har yili 1 avgustdan 30 sentyabrgacha quyidagi bosqichlarda o‘tkaziladi:
- hududiy saralash bosqichi – avgust oyida;
- respublika final bosqichi – sentyabr oyida.
Respublika bosqichi g‘oliblari bir oylik pul taʼminotining 50 foizi miqdorida, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan xodimlar tegishlicha bir oylik pul taʼminotining 20 va 10 foizi miqdorida bir yil davomida moddiy rag‘batlantiriladi.
G‘oliblar va sovrindorlar har yili “25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirida eʼlon qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60509 | Инструменты