Ichki ishlar organlarining ekspertlari pullik xizmatlar ko'rsatadi

Prezidentning 08.02.2022 yildagi “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-122-son qarori qabul qilindi.

Hujjatda quyidagilar tasdiqlandi:

– O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi to‘g‘risida nizom;
– Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
– Ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalarini 2022 yilda moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlash dasturi.

Qabul qilingan qaror bilan ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:

— zamonaviy fan va texnikaning ilg‘or yutuqlarini, raqamli texnologiyalarni, kriminalistikaning yangi ilmiy usul va vositalarini qo‘llash mexanizmlarini joriy etish, avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimlari va axborot bazalarini yaratish;
— axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklar bo‘yicha raqamli ekspertizaning imkoniyatlaridan foydalanish;
— shaxsga doir biometrik ma’lumotlar (genomga oid axborot, yuz qiyofasi, qo‘lbarmoq, izlari) asosida avtomatlashtirilgan identifikasiya tizimlarini tatbiq qilish;
— tezkor-qidiruv tadbirlari, tergov va sud harakatlarida ashyoviy dalillar tadqiqotining yangi turlari, innovasion kriminalistik yondashuv, usul hamda texnik vositalarini keng joriy etish;
— ekspert-kriminalistika sohasida kadrlarni maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha samarali o‘quv-amaliyot jarayonini tashkil etish.

IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi tuzilmasida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat ro‘yxatiga olish bo‘limlari tashkil etiladi. Shuningdek, o‘qotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, covuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning o‘q-dorilarini, maxsus vositalarni, o‘q o‘tkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etilmoqda.

Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga ekspert- kriminalistika sohasida jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida ekspertlik, biometrik identifikasiya, ilmiy-tadqiqot va axborot xizmatlarini hamda sohaga oid boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqi beriladi.

Shuningdek, qarorda quyidagilar belgilandi:

— maxsus ilmiy-texnik va intellektual salohiyatga ega shaxslar mutaxassis yoki texnik ishchi sifatida ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga shartnoma asosida jalb etilishi mumkin;
— IIV Akademiyasi Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi belgilangan tartibda tegishli sud ekspertizalari (daktiloskopik, trasologik, ballistik, sovuq qurollar, portret, xatshunoslik va boshqalar) va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqiga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40509 | Инструменты