O‘zbekistonda yana bir taniqli shaxs yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib harakatlangani aks etgan videosini tarqatdi. Qo‘shiqchi Jahongir Otajonov Zeekr avtomobilida soatiga 195 km tezlikda harakatlangan.
Videoga ko‘ra, qoidabuzarlik aholi yashash punktidan tashqarida, avtotrassada sodir etilgan, bunday joylarda ruxsat etilgan maksimal tezlik esa 100 km/s (ayrim hududlarda — 110 km/s)ni tashkil etadi. Qo‘shiqchi bir qo‘lida rulni ushlagan holda, boshqasi bilan telefoni orqali spidometrni videoga oladi. U rolikni Instagram’dagi sahifasiga joylagan.
"Kecha Zeekr qancha tezlikka chiqarkan deyishgandi. Qani ko‘ramiz. Sharoit bor chiqarishga", — deydi u videoda. U spidometr ko‘rsatkichi 195 km/soatga chiqqanida tezlikni pasaytira boshlaydi. "195 ga chiqardim, uyog‘iga harakat ko‘p ekan, to‘g‘risi, qo‘rqdim. Balki 200 ga ham chiqar", — deydi u.
Videoda u piyodalar o‘tish joyidan qariyb 150 km/s tezlikda o‘tgani ko‘ringan.
O‘zbekiston IIB YHXB matbuot xizmati “Gazeta.uz”ning xonandaga nisbatan chora ko‘rilishi haqidagi savoliga "Albatta, chora ko‘riladi", deb javob berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121300 | Инструменты