2023/2024-o‘quv yili uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 20-iyun kuni boshlanib, chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlariga – 10-iyul kuni, boshqa ta’lim yo‘nalishlariga – 20-iyul kuni yakunlandi.
Abituriyentlarni ro‘yxatga olish Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz sayti) orqali onlayn tarzda amalga oshirildi.
Respublika bo‘yicha jami 89 ta davlat oliy ta’lim muassasasi hamda ularning hududlardagi 29 ta filial va fakultetlariga 1 018 007 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularning 948 486 nafari test sinovida ishtirok etishi belgilandi
Joriy yilda 14 ta oliy ta’lim muassasasida masofaviy ta’lim shakli joriy etilib, 6 834 nafar (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan) abituriyent masofaviy ta’lim shaklida o‘qish istagini bildirdi. Shuningdek, 545 616 nafar abituriyent kunduzgi, 22 867 nafari kechki, 373 169 nafari sirtqi ta’lim shakli uchun ro‘yxatdan o‘tdi.
Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan oliy ta’lim muassasalari (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan):
1. O‘zbekiston milliy universitetiga – 33 721 nafar;
2. Toshkent davlat transport universitetiga – 28 474 nafar;
3. Farg‘ona davlat universitetiga – 28 188 nafar.
Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan hududlar (doimiy yashash hududi bo‘yicha):
1. Qashqadaryo viloyati – 112 242 nafar.
2. Samarqand viloyati – 105 805 nafar.
3. Farg‘ona viloyati – 89 022 nafar.
Test sinovlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi katta sig‘imli binolarda talab darajasida o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.
Kirish test sinovlarini ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida keng jamoatchilik orasidan 3 500 nafarga yaqin nomzod guruh nazoratchisi sifatida jalb etiladi.
Shuningdek, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarni surdotarjimon xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida 127 nafar surdotarjimon bilan shartnoma tuzildi.
Chet tillaridan ijodiy imtihon
2023/2024-o‘quv yili qabulida xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Andijon davlat chet tillari instituti, Namangan davlat chet tillari instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan ijodiy imtihonlar o‘tkazilishi belgilangan.
Joriy yilda mazkur ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun 20 mingdan ziyod abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi.
Ular uchun 2023-yil 17-23 iyul kunlari chet tilidan xalqaro standart asosida tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan ijodiy imtihonlar o‘tkazildi.
Imtihonlar abituriyentlarga qulay bo‘lishi uchun barcha hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) da tashkil etildi va abituriyentlar o‘zlari tanlagan hududda imtihonlarda ishtirok etdi.
Imtihonlar 2 bosqichda tashkil etilib, uning:
− 1-bosqichi 17-20 iyul kunlari elektron tarzda;
− 2-bosqichi (yozma qismi) esa 21-23 iyul kunlari qog‘oz shaklda bo‘lib o‘tdi.
Mazkur imtihonlarda abituriyentlarning tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
Imtihonlar 12 ta chet tili — ingliz, nemis, fransuz, ispan, xitoy, koreys, yapon, hindiy, turk, arab, fors va uyg‘ur tillari bo‘yicha tashkil etildi va chet tillarni bilishning B1 darajasi bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
Hozirda imtihon natijalari hisoblanmoqda. Imtihon natijalarini hisoblash oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga qadar yakunlanadi va natijalar abituriyentlarning shaxsiy kabinetida e’lon qilinadi.
Chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatlar
Ma’lumki, chet tilidan B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.
Buning uchun abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida mazkur sertifikat ma’lumotlarini tizimga kiritadilar va ularning sertifikatlari mutaxassislar tomonidan tekshiriladi. Joriy yilgi abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish jarayonida abituriyentlar tomonidan 30 mingga yaqin chet tili sertifikati tizimga yuklandi.
Ularning 28 013 tasi tasdiqlandi. 1 783 nafar abituriyentning sertifikati o‘z tasdig‘ini topmadi.
Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari
Oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha asosiy test sinovlarini avgust oyida o‘tkazish rejalashtirilayotgan bo‘lib, test sinovlarinining aniq sanalari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40512 | Инструменты