KFC tarmoq restoranlari O'zbekistonda rasman ish boshladi – 5 yil ichida jami 50 ta restoran ochiladi

KFC – brendi Amerikaning Kentukki shtatida tashkil etilgan bo'lib, unga polkovnik Sanders asos solgan. Hozirda ushbu tarmoq restorani 130 dan ortiq mamlakatda mavjud bo'lib, Devid Sandersning maxsus retsepti bo'yicha 21000 dan ortiq restoranlarda tayyorlanadi. E'tiborga molik jihati mazkur tarmoq restorani O'zbekistonda ilk bor shu yilning sentyabr oyida sinov tariqasida ochilgandi. Aynan bugun – 22-noyabr KFC`ning mamlakatimizda rasman ochilish marosimi tantanali ravishda o'tkazildi.

O'zbekistonning International Food Chain kompaniyasi Yum! Brands xalqaro kompaniyasining franchayzing hamkori bo'lib, respublikada yagona KFC`ni ochish huquqiga ega tashkilot hisoblanadi. O'zaro manfaatli hamkorlik natijasida 2018 yil yakuniga qadar 4 ta tarmoq restorani tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Kelajakda esa ularning soni butun respublika bo'ylab oshishi aniq.

KFC`ning Rossiya va MDHdagi bosh direktori Raisa Polyakova: Biz Toshkentda xalqaro brend KFC ochilayotganidan faxrlanamiz. Endilikda, polkovnik Sandersning afsonaviy retsepti asosida tayyorlangan qovurilgan tovuqlarni o'zbekistonliklar ham ta'tib ko'rishi mumkin. Mazkur turdagi taomlarni tayyorlash sirini faqat sanoqli shaxslargina biladi. Retsept siri qariyb 80 yildan beri saqlanib kelinmoqda.

Ochilish marosimi oldidan OAV vakillari uchun brifing o'tkazildi. Unda restoranning hududiy rahbarlari KFC faoliyatida xizmat ko'rsatish tezkorligi hozirda 6-7 daqiqani tashkil etayotgani, oliy maqsad esa buni 1 daqiqacha qisqartirish ekanini ta'kidladilar. KFC tez tayyorlanadigan taom ro'yhatidan – faqat tovuq, kartoshka fri, turli ta'mga ega souslar, qolaversa boshqa qator halol mahsulotlar joy olgan. Xo'sh KFC`ning o'zbek taomnomasi orasida o'rni qanday bo'ladi? Milliy taomlarimiz bilan raqobatlasha oladimi?

Yum! Brands`ning Rossiya, MDH, Markaziy va Sharqiy Yevropa bo'yicha bosh direktori Oleg Pisklov: Shaxsan men palovni sevib tanovvul qilaman. Va men palovni juda ham mazali qilib tayyorlaydigan oshpazlar bilan raqobatlashishga tayyormiz deb o'ylamayman. Aksincha, biz o'zimiz qo'limizdan keladigan taomni tayyorlashda davom etamiz. Lekin ta'm va souslarda yangiliklar albatta bo'ladi.

KFC buyurtma tizimi, veb sahifasi va mobil ilovalarini keyingi yillarda tashkil etish ko'zda tutilgan bo'lib, hozirda asosiy e'tibor Samarqand, Buxoro, Farg'ona kabi shaharlarda restoran tarmog'ini ochishga qaratilmoqda. Kompaniya rahbariyati kadrlar tayyorlash jarayonini xalqaro standartlarga ko'ra amalga oshiradi.

KFC`ning Rossiya va MDHdagi bosh direktori Raisa Polyakova: Kadrlarni tayyorlash jarayoni ko'p vaqtni talab qiladi. Restoran direktorini o'qitish uchun – 6 oy, direktor o'rinbosarini o'qitish uchun – 4, xattoki, oshxonada xizmat qiluvchi xodimni tayyorlash uchun kamida 2 hafta kerak bo'ladi. Avvaliga biz menejmentni Moskvada o'rgatdik, so'ngra ochilish oldidan mutaxassislarimizni Toshkentga olib keldik. Shuningdek, faoliyatimiz davomida biz elektron o'qitish tizimini ham yo'lga qo'yamiz. Bu yerda ochilgan ilk restoran kadrlarni tayyorlash markazi sifatida ham faoliyatini davom ettiradi.

Brifing davomida taom uchun mahsulotlarning saqlash muddatlariga rioya etilishi, Halol standartiga ko'ra taom tayyorlanishi qayd etildi. Ta'kidlanganidek, mahsulotlar asosan chet eldan olib kelinmoqda. KFC tomonidan qabul qilingan yuqori sifat va oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga muvofiq bosqichma-bosqich mahalliy yetkazib beruvchilar xizmatidan foydalanishga o'tiladi.

International Food Chain kompaniyasi bosh direktori Qayum Xaydarov: Kelgusi 3 yil ichida KFC tarmoq restoranlarini ochish orqali mamlakatda 2000 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratiladi. Respublikada 5 yil ichida 50 ta restoran ochishni rejalashtirayapmiz.

Shundan so'ng, KFC`ning Rossiya, MDH, Markaziy va Sharqiy Yevropa bo'yicha bosh direktori O'zbekistondagi rasmiy vakilga Polkovnik Sandersning o'ziga xos 11 ziravordan iborat savdo sirini taqdim etdi. Tarmoq restoraninig O'zbekistonda rasman ochilishiga bag'ishlangan qizil tasmalar kesilgach, KFC ochiq deb e'lon qilindi.

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40223 | Инструменты