Kollej va texnikumlarga test sinovlarining yakuniy natijalari 3-oktyabr kuni e’lon qilinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 26 sentyabrdan boshlab 2023/2024 o‘quv yili uchun kollej va texnikumlarga kirish test sinovlari boshlanadi. Imtihonlar 26-29 sentyabr kunlari ikki smenada tashkil etiladi. 1-smena 08:00 dan 11:00 gacha, 2-smena 15:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi. Bir smenada 21 060 nafar, bir kunda esa 42 120 nafar abituriyent test jarayonida ishtirok etadi.
Shuningdek, alohida iqtidor talab etiladigan kasb va mutaxassisliklarga o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha 2023/2024 o‘quv yili uchun 32 ta kollej va 19 ta texnikumda kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Texnikumlarda 25 sentyabr kunidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Hozirda kollej va texnikumlarga kirish test sinovlarini tashkil etish uchun hududlarning ma’muriy markazlari hamda 47 ta tuman/shahardagi 61 ta katta sig‘imli binolar tanlab olinib, ular test sinovlariga shay holatga keltirilgan.
Imtihonlarni ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida keng jamoatchilik orasidan 1 500 nafar kishi guruh nazoratchisi sifatida jalb etilgan.
Test sinovlarii 3 soat davomida – 2 ta mutaxassislik fanidan 60 ta, 3 ta majburiy Ona tili, Matematika va O‘zbekiston tarixi fanidan 30 ta, jami 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘i asosida o‘tkaziladi.
Test sinovi natijalarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga, yakuniy tanlov natijalarini esa 3 oktyabr kuni e’lon qilish rejalashtirilgan. Test sinovlari jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida kuzatib borish mumkin.
Shu o‘rinda, abituriyent-yoshlarimizdan test sinovi o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kamida 1 soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat va test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnoma bilan kelishlarini so‘rab qolamiz. Belgilangan vaqtdan kech qolganlar imtihonga kiritilmaydi.
2023/2024 o‘quv yilida kollej va texnikumlarga kunduzgi, dual, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha 110 356 ta (shundan 33 657 tasi davlat granti) qabul parametri tasdiqlanib, abituriyentlarni ro‘yxatga olish 2023 yil 10 avgustdan 10 sentyabrga qadar amalga oshirildi. Bunda ilk bor dual ta’lim shakli uchun 2 988 ta grant o‘rin ajratildi.
Bu yil respublika bo‘yicha jami 327 ta kollej va texnikumga 175 853 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ulardan 140 868 nafari – kunduzgi, 28 649 nafari – sirtqi, 243 nafari – kechki va 6 093 nafari – dual ta’lim shakli bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan.
Eng ko‘p Toshkent temir yo‘l texnikumiga – 6 019 nafar, Qarshi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumiga – 5 167 nafar, Andijon Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumiga – 4 042 nafar hujjat topshirilgan.
Bir o‘ringa eng katta raqobat kunduzgi ta’lim shaklida ta’lim tili o‘zbek tilida olib boriladigan guruhlarda bo‘lib, birgina Qarshi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumining “Hamshiralik ishi” mutaxassisligiga – 107,4 nafar abituriyent to‘g‘ri kelmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51909 | Инструменты