Koronavirusga oid fatvolar e'lon qilindi

Misrdagi Al-Azhar Xalqaro elektron fatvolar markazi koronavirusga oid fatvolarni e'lon qildi.

Koronavirus sababidan o'lgan kishi shahidmi?
Al-azhar xalqaro elektron fatvo markazining ta'kidlashicha, koronavirus sababidan vafot etgan kishi shahid maqomida bo'ladi va unga shahidlar ajri beriladi. Dunyo hukmlari borasida unga barcha musulmon mayyitlarga tatbiq qilinadigan g'usl, kafanlash, janoza namozi kabi hukmlar joriy qilinadi. 

Buning dalili Payg'ambar alayhissalomning quyidagi hadislari: “Shahidlar beshta: to'un (o'lat)dan o'lgan, qorin og'rig'i (ichki kasallik) bilan o'lgan, cho'kib o'lgan, tom bosib o'lgan, Alloh yo'lida shahid bo'lgan kishilar”. Bir rivoyatda, to'un (vabo)da o'lgan shahiddir, deganlar.

Ana shulardan kelib chiqib koronavirusdan o'lganlar ham to'un (o'lat) dan o'lganlar qatorida hisoblanadi.

Uyda televizor yoki radio orqali namoyish qilinayotgan namozdagi imomga iqtido qilib namoz o'qish joizmi?
Televizor yoki radio orqali namoyish qilinayotgan juma yoki boshqa namozga iqtido qilib namoz o'qish hech kim uchun joiz emas.

Koronavirus pandemiyasi davom etgan taqdirda tarovih namozlarining hukmi
Mashhur Islom da'vatchisi Mabruk Atiyyaga ko'ra tarovih namozlarini uyda ado etish masjidlarda ado etishdan afzaldir. Chunki tarovihning hukmi sunnat bo'lib, sunnatlarni uyda ado etish masjidda ado etishdan yaxshiroqdir. Olimning ta'kidlashicha, yig'ilish musulmonlarga zarar yetishiga sabab bo'ladigan bo'lsa, namoz uchun yig'ilmaslik kerak. Koronavirus sababli masjidlar farz namozlari uchun yopilgan bir paytda sunnat namozlar uchun ochilmasligi o'z-o'zidan tushunarli.

Kiyimlarga tarkibida spirti bo'lgan moddalarni surish va ularda namoz o'qish
Badan yoki kiyimga tarkibida spirt bo'lgan moddani tozalash yo virus va bakteriyalardan himoyalanish uchun surib namoz o'qish joiz.

Koronavirusdan saqlanish uchun taqilgan niqob bilan namoz o'qishning hukmi
Islom tadqiqotlari markazi huzuridagi fatvo hay'ati musulmonlarga koronavirus tarqalishi yoki yuqishidan ehtiyot bo'lish sababli taqib oladigan niqoblarda namoz o'qishni zarari yo'qligini qayd etgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40500 | Инструменты