Mahallalar masʼul rahbarlarga nomma-nom biriktiriladi

“Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–1-son, 05.01.2026 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 2026 yilda hududlar masʼul rahbarlar va muassasalarga quyidagi tartibda nomma-nom biriktiriladi:

- kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar – tuman (shahar) hokimlari, prokurorlari hamda ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga;

- 5 yildan buyon “qizil” toifada bo‘layotgan mahallalar – Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi ichki ishlar organlari rahbarlarining va hokimlarning o‘rinbosarlariga;

- 3 yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalar – huquq-tartibot idoralarining taʼlim va ilmiy tashkilotlariga;

- kriminogen vaziyati eng og‘ir tuman va shaharlar – viloyatlar darajasidagi prokurorlarning va ichki ishlar organlari rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlariga;

- ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar jinoyatchiligi hamda nizoli oilalar salmog‘i eng yuqori bo‘lgan mahallalar – tegishincha viloyatlar darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash hamda adliya boshqarmalari boshliqlariga.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10809 | Инструменты