Huawei 1
Mashhurlar hayotidan: Detektiv qirolichasi - Agata Kristi

1926-yilning 3-dekabr kuni Angliya janubidagi xonadonlardan birida ro‘y bergan ko‘ngilsizlik minglab kitobxonlar o‘rtasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Ingliz millati o‘rtasida ancha mashxur hisoblangan bu oilaning janjaliga xiyonat sabab bo‘lgan o‘shanda. Ayol erining xiyonatini kechira olmagan. Bu voqea uning nozik qalbini qattiq og‘ritgan, hattoki hayotini ham butunlay o‘zgartirib yuborgan. Dunyoga mashxur detektiv romanlarning yozilishiga ham erining xiyonati sabab bo‘lgan deyishadi. U — detektiv qirolichasi Agata Kristi edi.

Agata juda ta’sirchan edi, ammo o‘ta tarbiyali va kamsuqum bo‘lgan. Lekin turmush o‘rtog‘ining boshqa ayolni sevib qolganligi uni butunlay aqldan ozdiradi. Kutilmagan bu ko‘ngilsizlikni eshitganidan keyin, Agata o‘zi uchun juda og‘ir bo‘lgan qarorni qabul qiladi.Shaxsiy gonarariga harid qilgan uy-joyni ham tashlab shahardan bosh olib ketadi. Uning o‘quvchilari , minglab kitobxonlar adibaning bedarak yo‘qolib qolganidan shov- shuv ko‘tarib yuborishadi.Chunki, bu paytda Agata  ancha mashxur bo‘lib ulgurgandi

Agata Kristining detektiv janrini tanlashiga erining xiyonati sabab bo‘lganmi?

Bu 19-asr boshlaridagi eng shov- shuvli voqea bo‘lgan. Haligacha Kristi ijodining ixlosmandlari adibaning shaxsiy kechinmalariga , alamlari va dardiga sherik bo‘lib, uning asarlarini ko‘zga surib mutolaa qilishadi. Qiziq, haqiqatdan ham detektiv janrni tanlashiga erining xiyonati sabab bo‘lganmi? Agar bu savol sizni ham qiziqtirsa maqolamni oxirigacha o‘qib chiqing. Chunki bu safar men  Agata Kristining nafaqat shaxsiy hayoti balki  millionlar qalbini zabt etib kelayotgan ijodining sirli jihatlariga nazar tashlayman.

U 1890-yili Angliyada tavallud topgan. Bolaligida juda uyatchan qizaloq bo‘lgan Agata hatto akasi va opasi birga o‘ynashganida ham ularga qo‘shila olmas  o‘z tasavvuridagi qahramonlar bilan yolg‘iz qolishni istagan ekan.  Eng qizig‘i maktabda ham a’lo baxolarga o‘qimagan. Berilgan savollarning javobini bilsada, ularni aytishga jur’at topa olmas, shuning uchun ham doim pas baxo olar edi. Lekin bu holat uning ijodiga umuman ta’sir ko‘rsatmagan. Aksincha Agata tasavvuri kuchli ayol yozuvchi sifatida dunyoga tanildi. U o‘smirlik davrida tez-tez ingliz zodagonlarining ziyofatlariga borib turardi. Ilmli , ma’rifatli kishilar bilan muloqotda bo‘lgan. Asta-sekin o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham orta boshlagan. Juda yoqimtoy qiz bo‘lgani uchun ham leytenant Archibald Kristining e’tiborini o‘ziga tortadi. Ularning bu munosabati oila qurish bilan mustahkamlanadi. Lekin yuqorida aytganimdek,  ularning turmushi omadsiz yakun topgan.

Avvaliga ular baxtli edi, to‘yidan bir necha kun o‘tib Agata erini birinchi jahon urushiga kuzatadi. O‘zi esa Londonda qolib, yaralangan askarlarni davolash niyatida harbiy gospitalga ishga kiradi. Ilk marta xayolida tug‘ilgan hikoyalarni shu yerda yozib qo‘yadigan bo‘lgan. Kun davomida dori darmon va jarohatlar bilan to‘qnashish tufayli uning qotillik haqidagi asarlari dunyoga kela boshladi. Bu ish unga ilhom bag‘ishlardi. Bir vaqtning o‘zida ham davolab ham ijod bilan shug‘ullanishdan baxtli edi. Hamshiralik va farmasevtika har kim o‘rganishi mumkin bo‘lgan eng foydali kasblardan biri ekanini o‘zining xotiralarida ham yozib qoldirgan.  

«… one of the most rewarding professions that anyone can follow»
Agata Kristi

Turmush o‘rtog‘i urushdan sog‘-omon qaytgach ularning oilasida qiz farzand dunyoga keldi. Endi ular yashaydigan xonadon oila uchun torlik qilardi. Buning ustiga Archi Kristining ishlari ham yurushmay moddiy qiyinchiliklar davri boshlanadi.Mana shu oilaviy yetishmovchilik yosh adibaning asarlarini adabiyot maydonida paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgandi.  To‘g‘ri avvaliga “Staylzdagi sirli hodisa” asarini oltida nashriyot rad etgan. Lekin yettinchi urinishda roman chop etiladi hatto 25 ingliz funtida gonorar ham berishadi. Yosh oila uchun bu katta mablag‘ edi. Agata ilk kitobi chiqqanidan so‘ng ijodkorlikni xobbi emas, kasb qilishga ahd qiladi.Olti yil davomida( 1920-26-yillar) Agataning oltita romani chop etildi. Puaro obrazi esa mashhurlikda Sherlok Xolms darajasiga yetgandi. Yosh oila ijara muammosidan qutilib, shahardan shaxsiy uy harid qilishadi.

Agataning baxtli kunlari uzoqqa cho‘zilmagan. Avvaliga onasi vafot etadi. Bunga ko‘nikishga ulgurmay turib, yana bir baxtsizlik yuz beradi. Archibald Kristi boshqa bir ayolni sevib qolgandi. U Agataga ajrashishni taklif aytadida uydan chiqib ketadi. Erining bu “tuhfa” sidan Agata o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. U xiyonatni kechira olmagan . Turmush o‘rtog‘ini xoli qoldirishni , hattoki o‘z mablag‘iga kelgan uyni ham eriga tashlab ketishni afzal bilgan.  Agata  mana shu ko‘ngilsizlikdan so‘ng shaharni tark etadi. Yozuvchining hayotida yangi sahifalar boshlanadi. Uning birinchi turmushi baxtsiz yakun topgan bo‘lsada,  keyinchalik arxeolog Maks Mellouen bilan tanishgach, ular  oila qurishadi. O‘rtadagi katta farqga qaramay Maks o‘zidan ancha yoshga katta bo‘lgan rafiqasini asrab avaylagan va umrining oxirigacha ular baxtli yashashgan.

Agata Kristi 1976-yil  85 yoshida vafot etdi. Ikki o‘tib o‘tib Maks ham olamdan o‘tdi. Adibaning vafotidan so‘ng Erkyul Puaro haqdagi so‘nggi romani va avtobiografiyasi nashr etildi. “Yaratgan egam, ezgulikka to'la umr va menga berilgan mehr muhabbat uchun senga tashakkur” deb tugatgandi u o‘zining xotira daftarini.

Kristining 60 ta detektiv 6 ta psixologik romani va 19 ta hikoyalar to‘plami nashr qilingan. Barcha kitoblari 4 mlrddan ortiq nusxada jahonning yuzlab tillariga tarjima qilingan. Yozuvchi har bir romanida  qiziqarli syujetlar, kutilmagan yechimlar, yorqin personajlardan foydalangan.Tasavvur olami cheksiz, fantaziyasi kuchli ekanligini hattoki kichik hikoyalaridan ham bilsa bo‘ladi. Shuning uchun ham kitobxonlar uning asarlarini kuchli hayajon hattoki biroz hadik bilan o‘qishadi. Qizig‘i shundaki, xoh u katta hajmdagi roman yoki kichik bir hikoya bo‘lsin, voqealar yechimini asar so‘ngigacha bilib bo‘lmaydi. Kutilmagan xotima esa har qanday yoshdagi kitobxonni esankiratib qo‘yadi.Mutolaadan so‘ng istaysizmi yo‘qmi  asar voqealarini birma-bir muhokama qilishga majbur bo‘lasiz, bu sizga hatto zavq bag‘ishlaydi. 

Sizning tasavvuringizdagi xotimaning aksi  “Nahotki shunday bo‘lsa?” kabi savollarni qalashtirib tashlaydi. Masalan dunyoga mashxur “Qopqon” pyesasi endigina teatr sahnalarida qo‘yila boshlagan vaqtlarda shunday odat bo‘lgan: Spektakl  boshlanishidan avval aktyorlardan biri sahnaga chiqib, tomoshabinlarga kelganligi uchun minnatdorchilik bildirgan. So‘ngra … qotil aslida kim ekanligi haqida boshqalarga ya’ni hali asarni tomosha qilmagan insonlarga gapirib bermasliklarini qattiq iltimos qilishgan ekan. Spektakl tugagagandan keyin esa tamoshabinlar shov –shuv ko‘tarib , asar muallifini ham sahnaga chiqishini iltimos qilishar edi. 

“Puaro tergov qiladi” asari ham adabiyot va san’at maydonida mana shunday katta olqishlar bilan kutib olingan. Bu roman ham sirli va kutilmagan voqealardan iborat.  1-jahon urushi davrida boshpana izlab darbadar yurgan Belgiyalik qochoqlardan birining tashqi ko‘rinishi mashxur Puaro qiyofasini ifodalashda yozuvchiga ilhom bergan ekan. Aslida Agata uning  hatto ismini ham bilmasdi. Lekin qochoqning tuxumsimon va doim yaltillab turadigan boshi, kuchli va sezgir nigohi, hafsala bilan taralgan mo‘ylovi hattoki urush bo‘layotgan bir davrda qochoq bo‘lishiga qaramay ozoda va tartibli kiyinishi, yaltillab turadigan poyabzali va doim yonida olib yuradigan cho‘ntak soatigacha Erkyul Puaro obrazida boricha tavirlangan. Bu asar ekranga olib chiqilganidan keyin Agata ijodiga e’tibor yana ham kuchaydi. 

Kitoblariga ham talab orta boshladi. Masalan 1939-yilda yozilgan “O‘nta  negr bolasi” detektiv romani o‘sha davrning o‘zidayoq eng zo‘r asarlardan biri sifatida tan olingan. Bugun ham dunyo bo‘yicha tan olingan “Barcha davrlarning 100 ta eng zo‘r romani” ro‘yxatida turadi. Tabiiyki,  bu asar ham 20 ga yaqin davlatlar tomonidan  ekranlashtirgan. 

O‘zbek tamoshabinlari orasida esa bu asar 1987-yildagi talqini bilan juda mashxur. Muallifning o‘zi aynan shu ‎asarini eng yaxshisi deya eьtirof etgan.

Nigora Hasanova sharhi

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51509 | Инструменты