Huawei 1
Mavsum kasalligi: Revmatizm bolalarda yurak nuqsonini keltirib chiqarishi mumkin(mi?)

Qishning sovuq kunlarida bir qator mavsumiy kasalliklar avj oladi. Shulardan biri — revmatizm. Unga ko‘proq 7-15 yoshli bolalar chalinadi va xastalik o‘g‘il-qizlarda kattalarga nisbatan og‘irroq kechadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali direktori Yashin Ahmadov ushbu kasallik va uning oqibatlari haqida batafsil ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, revmatizmni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omil — oyoqda o‘tkazilgan surunkali tonzillit. Ya’ni tez-tez tomog‘i og‘rib turadigan bolalar anginasi o‘z vaqtida davolanmasa, 10-14 kun o‘tgach, bemorda revmatizm rivojlanishi mumkin.

"Uning o‘tkir shaklida anginadan tuzalgan bemorni ma’lum muddat o‘tib, yana yuqori harorat bezovta qiladi. Tirsak, bilak-kaft usti, tizza, boldir-oyoq panjasi bo‘g‘imlari va tanasining boshqa qismlari qizarib, shishadi.

10-12 kun o‘tgach, poliartritga xos barcha alomatlar yo‘qoladi. Ammo mazkur holat vaqtinchalik bo‘lib, xastalik chog‘ida yurakning mushak qavati, klapanlari, tashqi pardasi zararlanadi. Xususan, bu holat yurak nuqsoni shakllanishiga olib keladi", - deydi mutaxassis.

Shuningdek, revmatizm boshqa a’zo va to‘qimalar, chunonchi, nerv tizimida ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda bolaning oyoq-qo‘llari beixtiyor uchib turadi, o‘ta qo‘zg‘aluvchanlik, tez toliqish kuzatiladi.

Xastalikning o‘tkir bosqichida bemor, odatda, shifoxonada muolaja oladi. Kasalxonadan chiqqach ham uzoq vaqt shifokori kuzatuvida bo‘ladi.

Holsizlanish, tez charchash, rangparlik, ishtaha pasayishi, kechqurun tana harorati ko‘tarilishi, ba’zan bosh og‘rig‘i, yurak o‘ynashi, hansirash, bo‘g‘imlar sohasidagi teri ostida mayda, qattiq va og‘riqsiz “revmatik tugunchalar” hamda pushti, halqasimon toshmalar revmatizmga xos alomatlardir.

Bu kasallikdan asab tizimi shikastlanganda, bolaning kayfiyati va xulq-atvori o‘zgarib, behalovat, e’tiborsiz va serjahl bo‘lib qoladi. Uning xotirasi pasayadi.

Bemor beixtiyor tartibsiz, beo‘xshov va keraksiz harakatlar qiladi. Uning ko‘zlari pirillaydi, yuz mushaklari tortiladi. Natijada bola o‘zi mustaqil kiyinib-yechina va ovqatlana olmaydi. Shuningdek, turtinib-surtinib yura boshlaydi.

Qaytalama revmatizm davrida organizmda immunologik va biokimyoviy buzilishlar sodir bo‘lib, yurakda yallig‘lanish jarayoni kuchayadi.

Revmatizmga faqat mutaxassis tomonidan tegishli tekshiruvlardan so‘ng aniq tashxis qo‘yilishi mumkin. Agar o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, bemorni muvaffaqiyatli davolasa bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81423 | Инструменты