"Men o‘zbekistonlikman – qonimda g‘alaba" — O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi madhiyasi taqdim etildi

Tarixiy natija qayd etib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Uzbekistan‘s Club” tashabbusi bilan O‘zbekiston kreativ sanoati yetakchilari ishtirokida “Men o‘zbekistonlikman – qonimda g‘alaba” shiori ostida jamoa madhiyasi uchun video suratga olindi.

O‘zbekistonliklarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish, olimpiya jamoamizni bo‘lajak yirik musobaqada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha uchun Konstaning “O‘zbekistonlik” treki madhiya sifatida tanlab olindi. Suratga olish ishlarida bosh murabbiy Temur Kapadze va jamoa yulduzlari ishtirok etishdi.

Jahon darajasidagi ushbu videoni suratga olishda nafaqat eng yaxshi mahalliy mutaxassislar, balki germaniyalik kinooperator Maks Sui jalb qilindi. Unda terma jamoamizning barcha futbolchilari, yulduzlarimiz Abbos Fayzullayev, Eldor Shomurodovlar hamda murabbiy Timur Kapadze, shuningdek, sanʼat va media sohasining yorqin namoyandalari suratga tushdi.

Video O‘zbekistonning barcha telekanallari, jamoat joylaridagi ekranlar hamda internet kengliklarida namoyish etilmoqda.

Loyiha sanʼatkorlar, jurnalist va blogerlar, inflyuyenser va fikr yetakchilari bo‘lmish O‘zbekiston kreativ sanoati namoyandalarini yagona g‘oya ostida jamladi. Tasvirga olish ishlarida Venkon PR, United Soft, Dilshoh Media Art Sraft, LegalMax, Ahad Mix kabi kompaniyalardan iborat maxsus ijodiy guruh shakllantirildi, Germaniyadan taniqli kinooperator Maks Sui taklif etildi.

Mazkur videokontent bilan birgalikda keng miqyosdagi #qonimdagalaba xalqaro chellenjiga start berildi. Chellenjda istalgan odam ishtirok etishi mumkin. Ishtirok etish uchun xohlovchilar 17 iyulga qadar “O‘zbekistonlik” trekidan foydalanib, futbol mavzusida suratga olingan 1 daqiqali kreativ videoni Instagram‘ga #qonimdagalaba heshtegi bilan joylashi talab qilinadi. 10 ta eng yaxshi videoning har biri uchun 50 million so‘m pul mukofoti beriladi. Ularni mashhur sportchilar va media vakillaridan iborat hayʼat aʼzolari saralab oladi.

Loyiha tashabbuskorlari: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi va Maʼnaviyat va maʼrifat markazi.

Sportchilarimizga muxlislik qilish orqali o‘zbekistonliklarni birlashtirish g‘oyasini, shuningdek, Uzbekistan Airways, Ucell, Chevrolet Uzbekistan, Kapitalbank va Yoshlar tashabbuslari markazi, Gross Insurance, MTRK, MY5, FTV, ZO‘R TV, Uzreport TV, Renessans TV, Kun.uz, Daryo.uz, Repost.uz, Tribuna.uz saytlari qo‘llab-quvvatladi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70413 | Инструменты