Toshkent aeroportida shamol yo‘nalishining keskin o‘zgarishi tufayli mahalliy vaqt bilan soat 16:03 da havo kemalarini qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Qayd qilinishicha, bir nechta reyslar zaxira aeroportlariga yo‘naltirilgan:
- “Qanot Sharq” aviakompaniyasining Kamran - Toshkent yo‘nalishidagi HH-2232 reysi (qo‘nish 16:35 da);
- “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY-9732 Maxachqal’a - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha (qo‘nish soat 16:42);
- “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Dehli - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-424 (qo‘nish 16:51) Samarqanddagi zaxira aerodromiga yo‘naltirildi.
Shuningdek, “Air Astana” aviakompaniyasining Ostona - Toshkent yo‘nalishidagi KS-123 reysi Turkistondagi zaxira aerodromga qo‘ndi.
Ta’kidlanishicha, mahalliy vaqt bilan soat 16:30 da vaziyat barqarorlashdi, Toshkent aeroportida havo kemalarini qabul qilish va jo‘natish bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi. Aeroport odatdagi tartibda ishlamoqda. Zaxira aerodromlarga qo‘ngan samolyotlar Toshkentga qaytadi.
Shuni ta’kidlash joizki, shamol siljishi - bu qisqa masofa davomida shamolning yo‘nalishi yoki tezligi keskin o‘zgaradigan holat. U gorizontal yoki vertikal bo‘lishi mumkin va samolyotga gorizontal parvoz, ko‘tarilish yoki qo‘nish paytida jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61922 | Инструменты