Huawei 1
Misrda bo‘lish qoidalarini buzgani sababli 5 nafar o‘zbekistonlik ushlandi

Misrda bo‘lish qoidalarini buzgani sababli 5 nafar o‘zbekistonlik ushlab turilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi. 

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda Misr Arab Respublikasida bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarga, xususan, ta’lim olish maqsadida kelgan shaxslarga nisbatan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mamlakatda bo‘lish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan faol tekshiruv tadbirlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari tomonidan Qohira shahrining Nasr City hududida joylashgan mas’ul politsiya bo‘limlariga qo‘shimcha tashriflar va muloqotlar amalga oshirildi. 13-may holatiga ko‘ra, boshqa xorijiy fuqarolar qatori, 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham Misrda bo‘lish qoidalarini buzgani sababli ushlab turilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, 1 nafar fuqaroning tegishli hujjatlari taqdim etilgach, vaqtinchalik saqlash markazidan ozod etildi. Qolgan fuqarolar holati bo‘yicha esa mahalliy qonunchilik doirasida belgilangan tartibda huquqiy baho berilishi va qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Elchixona tomonidan Misr hududida bo‘lib turgan fuqarolarga tezkor huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida, bunday tekshiruv tadbirlari davomida ushlab turilgan shaxslar haqida darhol elchixonaga xabar berish tavsiya etildi.

Aloqa ma’lumotlari:
+20233364516, +20233361723
Telegram: @shtabegypt

Shu munosabat bilan vatandoshlardan Misrda bo‘lish qoidalariga qat’iy rioya qilish, mamlakatda harakatlanish davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, yashash uchun ruxsatnoma (iqoma) yoki talabalik guvohnomasini (universitet, institut va h.k.) doimo o‘zlari bilan olib yurish so‘raldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70118 | Инструменты