Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov Qonunchilik palatasi majlisida Toshkentdagi hospis bo‘yicha ishlar qanday ketayotgani haqidagi savolga javob berdi.
Yig‘ilishda deputat Irina Tokareva 2024 yil 21 fevralda imzolangan prezident farmonida 2024 yil yakunigacha ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi xospislar tashkil etilishi belgilanganini eslatdi.
«Bilishimcha, 2024 yil uchun davlat byudjeti muhokamalarida Toshkent va Xorazmda hospislar qurish masalasi ko‘tarilgan edi. Bu masalada prezident topshirig‘i ijrosi hozir qanday holatda ekani va 2024 yilda nima ishlar bajarilganini aniqlashtirmoqchi edim», — dedi u.
Savolga dastlab sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Davron Sultanov javob berdi.
«Toshkent shahridagi viloyatlar va shaharlararo hospis hali foydalanishga topshirilmadi. Shunga qaramay „Zangiota-2“ klinik shifoxonasida 20 o‘rinlik hospis bo‘linma faoliyat yuritmoqda. Xorazmda esa hospis bo‘linma onkologik dispanser huzurida faoliyat yuritmoqda. Xudo xohlasa, 2025 yilda Qibray tumanida joylashgan Toshkent shahri hospisida qurilish ishlari yakuniga yetadi va biz u yerga onkologik hamda palliativ yordamga muhtoj bo‘lgan onkologik kasallikka chalinmagan bemorlarni ham joylashtirishimiz mumkin bo‘ladi», — dedi u.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov esa hospisni moliyalashtirish bo‘yicha ishlar holatiga to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, uning asosiy mablag‘ manbai Toshkent shahrining mahalliy byudjeti hisoblanadi.
«Uning umumiy qiymati 34 mlrd so‘m. Shu jumladan, joriy yilda 16 mlrd 800 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirgi kunda moliyalashtirish ishlari 90,5 foizga bajarilgan. 2025 yilning fevral oyida ushbu muassasa faoliyatini boshlash ko‘zda tutilmoqda», — dedi u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112713 | Инструменты