Namanganda 4, Samarqandda 5 yoshli qizaloq YTH oqibatida vafot etdi
Samarqand viloyatining Urgut tumanida Cobalt avtomobili haydovchisi 5 yoshli qizaloqni urib yubordi. Qizaloq voqea joyida vafot etgan. Bu haqda Davlat yo'l harakati xavfsizligi inspektsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabar qilinishicha, hodisa 25 iyul kuni ertalab soat 8:00 da sodir bo'lgan. Cobalt haydovchisi "Merganch" mahallasi bo'ylab katta tezlikda harakatlangan. Bu vaqtda 5 yoshli qizcha yo'lda qarovsiz qolib, yo'lni kesib o'tayotgan edi. Voqea natijasida qiz qarama-qarshi chiziqqa uchib, harakatlanayotgan ZIL yuk mashinasining g'ildiraklari ostiga tushib ketdi. Hodisa natijasida bola joyida vafot etdi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xuddi shunday, bundan ikki kun oldin, 23 iyul kuni Xazratishox-Chortoq yo‘lining 12 km.da, “Bodomzor” MFY hududida yuz bergan YTHda ham 4 yoshli qiz vafot etgan.
Namangan viloyat IIBning xabar berishicha, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro Damas rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qarshisidan harakatlanib kelayotgan, Chortoq tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan fuqaroni boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashib ketgan.
Oqibatda Damas rusumli avtomashinasida bo‘lgan yo‘lovchilar, Chortoq tumanida yashovchi, 1953 yilda tug‘ilgan ayol bosh miya yopiq shikasti tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan hamda shu avtomashinada bo‘lgan, Chortoq tumanida ota-onasi qaramog‘ida yashagan, 2017 yilda tug‘ilgan qiz tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Ushbu holat bo‘yicha Chortoq tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 23 iyul kuni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101400 | Инструменты