“Ko‘mir taʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni viloyatdagi tumanlardan birining ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash hamda omborga keluvchi ko‘mir ortilgan yuk vagonlari sonini ko‘paytirib berish evaziga 40 000 AQSH dollari talab qiladi.
Joriy yilning 6 dekabr kuni u so‘ralgan pul mablag‘idan 25 000 AQSH dollarini filial ishchisi orqali olib, fuqaroni ombor mudiri lavozimiga tayinlanishini taʼminlaydi.
Keyinroq esa mansabdor shaxs qolgan 15 000 AQSH dollari hamda omborga ko‘mir ortilgan 30 ta vagon yuborgani uchun ulush sifatida 7500 AQSH dollari, jami 22 500 AQSH dollari berishini talab qilib, o‘zining vositachisi bo‘lgan filial ishchisi orqali ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aholiga ko‘mir mahsulotlarini o‘z vaqtida va imtiyozli narxlarda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122513 | Инструменты