O'zbekistonda 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 941 ming nafarni tashkil etadi. Bu umumiy aholining 2,6 foizi, deganidir. Bu toifadagi insonlarning huquqlarini himoya qilish va yuzaga chiqarish dolzarb ahamiyatga ega.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi umum eʼtirof etilgan xalqaro norma va standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilingan.
Mazkur qonun loyihasida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq “muomala” va «oqilona moslashtirish» kabi tushunchalar kiritilib, ularga taʼrif berilmoqda. Shuningdek, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunning 30-moddasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish huquqiga oid norma bilan to‘ldirilmoqda. Bundan tashqari, ularning boshqalar bilan teng ravishda jamiyat va davlat siyosiy hayotida, yaʼni saylov va referendumlarda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish borasidagi huquqlari kafolatlanmoqda.
Taklif etilayotgan yangi normalar nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yana-da mustahkamlashga hamda ushbu sohadagi milliy qonunchilikni yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlarning fikr-mulohaza va takliflaridan so‘ng birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122700 | Инструменты