“O‘zbekiston shampani” AJning ustav kapitalidagi 51,48 foiz davlat aksiyalar paketini sotish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deya xabar bermoqda Davlat aktivlarni boshqarish agentligi.
Qayd etilishicha, Davaktiv agentligi tomonidan eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida KPMG xalqaro kompaniyasi xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida jalb etilgan. Investorlardan sotib olish bo‘yicha qiziqish to‘g‘risidagi 5 ta arizalar (Express of Interest) kelib tushgan.
Kelib tushgan takliflar orasida eng yuqori narx taklifi bildirgan, kelajakda jamiyat faoliyatini barqaror rivojlanishini ta’minlay oladigan va ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli bo‘lgan “Euro Pack” MCHJ “O‘zbekiston shampani” AJ ustav kapitalidagi 51,48 foiz davlat aksiyalar paketini sotib olish uchun qo‘yilgan talablarga to‘liq javob bergan va 72 mlrd so‘m sotib olish to‘lovi bilan g‘olib deb topilgan.
Shuningdek, xaridor sotib olish to‘loviga qo‘shimcha ravishda 2024-2025 yillarda Korxonani rivojlantirish uchun 18,5 mln AQSH dollari miqdorida investisiya kiritish o‘z zimmasini oladi.
Ma’lumot uchun, “Euro Pack” MCHJ – alkogol mahsulotlar uchun kerakli bo‘lgan shisha va plastik idishlarni ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi.
“O‘zbekiston shampani” Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, 1942-yilda ishga tushirilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi shampan va boshqa gazlangan sharob ichimliklarini ishlab chiqarish, shuningdek, sharob materiallariga ishlov berishdan iborat. 2021-yil yakuniga ko‘ra, kompaniyaning sof tushumi 65,6 mlrd so‘mni, sof foydasi 2 mlrd so‘mni hamda sof aktivi 12 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80612 | Инструменты