Oʻzbekistonning sakkiz nafar talabasidan tarkib topgan Techno Mind jamoasi “Aquatibia” loyihasini taqdim etib, Tech4Good tanlovida birinchi oʻrinni egalladi. Huawei Seeds For The Future flagman taʼlim dasturining ikkinchi bosqichi doirasida mintaqaviy tanlov finali 14-sentabr sanasida Dubayda boʻlib oʻtdi.
14-sentabr kuni Oʻzbekistondan 8 nafar talaba Huawei Seeds for the Future taʼlim dasturining ikkinchi bosqichi doirasida Tech4Good eng yaxshi loyihasi boʻyicha mintaqaviy tanlovda gʻalaba qozonishdi. Oʻzbekiston jamoasi Ozarbayjon, Iordaniya, Qozogʻiston, Qatar, Moʻguliston va BAAdan 6 ta jamoa qatorida tanlovda ishtirok etdi. Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent shahridagi Xalqaro Kimyo universiteti va “Yangi Oʻzbekiston” universitetlarida taʼlim oluvchi talabalar loyiha gʻoliblariga aylanishdi. Birlashgan Arab Amirliklaridan Tomoshabin tanlovi”, Qatar talabalari esa “Innovatsion g‘oya” uchun mukofotini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning nufuzli hakamlar hayʼati uchun taqdim etilgan “Aquatibia” loyihasi qishloq xoʻjaligi uchun raqamli yechimlardan foydalanib ishlovchi, suv va tuproqda tuz va ogʻir metallar tarkibini kamaytirishga xizmat qiladigan innovatsion filtrli suv filtratsiyasining birlashgan tizimidir. Loyiha hakamlar hayʼati tomonidan tanlovning ham birinchi, ham ikkinchi bosqichida yuqori baholangan boʻlib, bu O‘zbekiston jamoasiga global Tech4Good tanlovida qatnashish va 100 000 AQSh dollari miqdoridagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi uchun kurashish, shuningdek, noyabr oyida Dubayda bo'lib o'tadigan COP-28 iqlim sammitida ishtirok etish imkonini berdi.
“Seeds for the Future tanlovida qatnashish men uchun gʻoyatda katta tajriba boʻldi. Ikki hafta davomida ekspertlar va ustozlar qoʻlida taʼlim oldik, ajoyib jamoada ishladik va mintaqaning 15 ta mamlakatidan yangi doʻstlar orttirdik. Bu men uchun chuqur taassurot qoldirgan hayratlanarli va bilim orttirish uchun xizmat qiladigan sayohat boʻldi, desam aslo yanglishmayman, - deydi Techno Mind jamoasi yetakchisi, Toshkentdagi Inha universiteti talabasi Nodira Otabekova. - Jamoa yetakchisi boʻlishni menga ishonib topshirishgani loyihaga tayyorgarlikni har tomonlama koʻrish imkoniyatini taqdim etdi, shu orqali loyiha boʻyicha tushunchamni boyitdim va liderlik sifatlarimni yaxshiladim. Bundan tashqari, sahnada nafaqat loyihani, balki butun mamlakatni yuzlab odamlarga taqdim etish imkoniyatining oʻzi ham ancha qiziqarli tajriba boʻldi. Dubaydagi mintaqaviy turda gʻalaba sayohatimizga yanada katta zavq va ilhom bagʻishladi va biz global miqyosda ham oʻzimizning eng yaxshi natijalarimizni koʻrsatishga aminmiz.”
Seeds for the Future dasturining ikkinchi bosqichi 2023-yil 10-16-sentabr kunlari Tech4Good akselerativ dasturi sifatida Dubayda bo‘lib o‘tdi. Talabalar tadbirkorlik yetakchiligi, biznesni strategik boshqarish vositalari, taqdimot malakasi, mijozlar ehtiyojlarini aniqlash va prototip yaratish kabi mavzular bo‘yicha axborot seminarlarida qatnashdilar. Ishtirokchilar, shuningdek, TDRA ofisiga, Muhammad Bin Rashid Al Maktum bilim fondi (MBRF) qoshidagi BMT hamkor ofisiga va Sharja tadqiqot, texnologiya va innovatsiyalar parkiga (SRTIP) tashrif buyurish imkoniga ega bo‘ldilar, bu yerda mehmon murabbiylar bilan eksklyuziv jamoaviy sessiyalar tashkil etildi.
Taqdirlash marosimida Huawei BAA direktori janob Lyu Szyavey ta’kidlab o’tdi: “Biz Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning eng zo‘r aql egalarining Dubaydagi chiqishlariga guvoh bo‘ldik va barcha munosib chempionlarni ajoyib sa’y-harakatlari bilan tabriklaymiz. BAA bagʻrikenglik va tinch-totuv yashash vazirligi, Telekommunikatsiyalar va raqamli maʼmuriyat (TDRA) va AKT jamgʻarmasiga loyihani Dubayga olib kelishda koʻrsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Doimiy va ochiq hamkorlik orqali biz Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasida kelajakning raqamli iqtisodiyotini boshqaradigan AKT iste’dodlarini rivojlantirishimiz mumkin”.

Seeds for the Future dasturida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 15 ta mamlakatidan jami 175 nafar talaba ishtirok etgan boʻlib, ular Oʻzbekiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Quvayt, BAA, Bahrayn, Qozogʻsiton, Pokiston, Ummon, Iordaniya, Livan, Iroq, Ozarbayjon, Moʻguliston, Qirgʻizistondan tashrif buyurishgan. Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida Oʻzbekistonning 7 ta universitetidan 15 nafar talaba dastur ishtirokchisiga aylandi. Oʻzbekistonlik talabalar bilan bir qatorda Toshkent shahridagi Inha universiteti bitiruvchisi va Seeds global Ambassadori Nodira Tillayeva ham loyihada qatnashdi.
Seeds for the Future loyihasi Huawei kompaniyasining yagona ta'lim tashabbusi emas. Bu yil O‘zbekistondagi Huawei ICT Academy talabalari ham ICT Competition – AKT bo‘yicha tanlovda ishtirok etishlari mumkin. Tanlov ishtirokchilarga nafaqat o‘z mahoratini namoyish etish, balki qimmatbaho sovg‘alar, jumladan Huawei sertifikatlarini olish, shuningdek, Huawei AKT akademiyalarida malaka oshirish imkoniyatini ham taqdim etadi.Tanlovga roʻyxatdan oʻtish 2023-yilning 15-oktabriga qadar davom etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40711 | Инструменты