Huawei 1
O‘zbekiston va Fransiya uran qazib olish bo‘yicha hamkorlik qiladi

Davlat rahbarining Fransiyaga davlat tashrifi arafasida Parij shahrida ushbu mamlakatning “Orano Mining” kompaniyasi, Yaponiyaning “ITOCHU” korporatsiyasi va O‘zbekistonning “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘rtasida Navoiy viloyati Tomdi tumani hududida joylashgan “Jongeldi” konida 2025-yil yakuniga qadar uran ishlab chiqarishni boshlash hamda amalga oshirilayotgan boshqa qo‘shma loyihalar asosida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish maqsadida uch tomonlama kelishuv imzolandi.

Mazkur bitim tomonlar salohiyatini birlashtirgan holda, loyihani rivojlantirishga qaratilgan yangi yechimlar taqdim etish imkonini yaratadi.

“Jongeldi” konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichida, dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, umumiy kapital qo‘yilma miqdori 3 yil davomida 214 million dollarni, yillik uran qazib olish miqdori o‘rtacha 500 tonnani tashkil etishi kutilyapti.

Kelishuv shartida asosiy sarmoyadorlar sifatida xorijiy kompaniyalar ko‘rsatilgan. Uran qazib olish tannarxini kamaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonini korxonamiz mavjud sanoat quvvatiga integratsiya qilish maqsadida boshqaruvchi operator etib “Navoiyuran” DK etib belgilanmoqda.

Uran sanoatiga ixtisoslashgan jahonning uch yirik kompaniyasi o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi sohaga investitsiya jalb etish jarayonini tezlashtirish va yana bir qator muhim yo‘nalishlarda birgalikda ish olib borish imkoniyatini kengaytiradi. Jumladan, xorijiy davlatlarning uran bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish loyihalarida ishtirok etish, uran qazib olish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, geologiya-qidiruv va qazib olish sohasida bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, operatsion samaradorlikni oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi, ESG tamoyili va boshqa halqaro standartlarni joriy etish mumkin bo‘ladi.

Fransiyaning yadroviy materiallar sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniyasi – “Orano Mining” uranni qazib olish va qayta ishlash hamda yadroviy yonilg‘i turkumining barcha bosqichlarida yuqori qiymatli yechimlar taklif etadi. Xavfsizlik, innovatsiya va barqaror rivojlanish tamoyiliga sodiq qolgan holda, yadroviy energiyaning global kelajagini ta’minlashga hissa qo‘shadi.

Yaponiyaning “ITOCHU” korporatsiyasi dunyodagi yetakchi savdo va investitsiya kompaniyalardan biri sifatida metall, mineral, energetika va sanoat sohalaridagi yirik loyihalarda ishtirok etadi. Korxona ayni payt jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash va barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun innovatsion yechimlar joriy qilib kelmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31320 | Инструменты