Huawei 1
O‘zbekiston va Turkiya tarixiy-madaniy merosni saqlash yo‘lida hamkorlik qiladi

Agar Istanbulning butun ulug‘vorligi bilan tanishish istagida bo‘lsangiz, unda “Panorama 1453” tarix muzeyi tashrif buyuradigan maskanlaringiz ro‘yxatida bo‘lishi shart. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori boshchilik qilayotgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiya Istanbulning Usmoniy sulton Mehmet Fotih tomonidan fath etilishiga bag‘ishlangan “Panorama 1453” muzeyi eksponatlari va muzeyning innovatsion tajribasi, 3D-proyeksiyasi bilan tanishdi. Delegatsiyani muzey direktori Mehmet Akkaya kutib oldi.

“Panorama 1453” tarix muzeyining qurilish g‘oyasini loyihaga aylantirish va muzeyni loyihalash 2003 yilga to‘g‘ri keladi. Qurilish ishlari 2005 yilda boshlangan va 2008 yilda qurib bitkazilgan. Tashrif buyuruvchilar uchun esa muzey eshiklari 2009 yil 31 yanvarda ochilgan. Sakkiz nafar rassom panoramani yaratishda asosiy rol o‘ynagan. Loyihaning g‘oya muallifi – qator multfilmlar rassomi va rejissyori Hoshim Sitizen. Uning rahbarligida Ramazon Erkut, Yashar Zeynalov, Oksana Legka, Ahmet Kaya, Atilla Tunka va Murat Efe loyiha ustida ishlagan. Aynan shu jamoa Turkiyadagi ilk panoramali muzeyni yaratgan.  

Muzeydagi 360 daraja panoramali ulkan rasmni o‘z ichiga olgan asosiy eksponatning diametri 38 metrni tashkil etadi. Ammo rasmning taqdimot usuli uni anchayin katta qilib ko‘rsatadi, shu bois haqiqiy o‘lchamlarni idrok etib bo‘lmaydi. Tashrif buyuruvchilar esa dastlabki soniyalarda bu ko‘rinishdan hayratda qoladi. Shuningdek, illyuziyalarni ta’sir kuchini oshiruvchi o‘q otishmalari, askarlarning qichqirig‘i va jangovar musiqa kabi turli xil tovush effektlari ham mavjud.

Muzeydagi rasmlarni tayyorlash jarayonida 100 yil davomida ham eskirmay, asl holicha saqlanadigan pigment bo‘yoqdan foydalanilgan. “Panorama 1453” tarix muzeyining asosiy zalidagi ulkan panoramali rasmda juda ko‘p miqdordagi shakllar mavjud. Shuning uchun ham ularning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash oson bo‘lmagan. Hatto shahar devorlarining vayron qilingan qismlari va ularning o‘lchamlari Istanbulning birinchi hokimi Xizir Beyga shahar devorlarini ta’mirlash bo‘yicha taqdim etilgan hisobotga ko‘ra chizilgan. Panoramali ko‘rinish 3 metr kvadratli katta maydonga ega. Muzeyga tashrif buyuruvchilar va devordagi rasmlar orasida to‘plar, o‘qlar, portlovchi moddalar, qilich qutilari, bochkalar kabi illyuziya kuchini oshiradigan effektlar bor. To‘g‘ri, muzeyning rasmiy saytidan 360 daraja panoramali tasvirni yuklab olib, uning qanday ko‘rinishga ega ekanini telefon yoki kompyuteringizdan ham ko‘rishingiz mumkin. Ammo shuni yodda tutingki, buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, muhitni shaxsan his qilishingiz lozim.

“Panorama 1453” tarix muzeyining kirish qismida an’anaviy muzeyni eslatuvchi ko‘rgazma ham tashkil qilingan. U yerda Istanbulning zabt etilishi haqida ma’lumot beruvchi uch bosqichli xaritalarni ko‘rish mumkin.

Shuningdek, bino tashqarisida vertolyot simulyatori ham bor. Uning yordamida simulyatsiya qilingan parvozda Topkapi saroyi, Bergama va Efesdagi qadimgi yunon shaharlari, Aspendos, Kappadokiya, Nemrut tog‘i, Uludag, Bosfor, Qiz qal’asi, Dolmabahche saroyi, Sulton Ahmet kabi turli joylarga virtual sayohat qilish mumkin.  

Delegatsiya a’zolari muzey bilan tanishib chiqqach, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) "O‘zbekiston obidalaridagi durdona bitiklar" kitob albomining 10 ta jildi “Panorama 1453” tarix muzeyi kutubxonasiga O‘zbekiston nomidan tuhfa etildi. O‘z navbatida mezbonlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholashdi va tuhfa etilgan kitoblar uchun minnatdorlik bildirdi. O‘z navbatida,

O‘z navbatida, “Panorama 1453” tarix muzeyi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida qanday hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkinligi haqida suhbat bo‘ldi. Xususan, innovatsion muzey tashkil etish, yangi texnologiyalar va usullarni qo‘llash orqali muzeylarga tashrif buyuruvchilar e’tiborini jalb qilish borasida ham fikr almashildi.  

Ta’kidlash joizki, bunday hamkorlikka qo‘shma loyihalar, ko‘rgazmalar, ta’lim dasturlari va muzeyshunoslik sohasidagi ekspertlar bilan tajriba almashish orqali erishish mumkinligi aytildi.

– O‘zbekiston bilan birgalikda amalga oshirgan barcha hamkorliklarimiz ortidan Turkiyaga tashrif buyuruvchilar soni rekord darajaga yetdi va biz bundan juda mamnunmiz. So‘nggi yillarda O‘zbekistonning madaniyat, san’at va sport sohalariga qaratayotgan e’tibori bizning ham diqqatimizni jalb qilmay qolmadi. O‘zbekistonning madaniyat, fan, sport, sivilizatsiya kabi qator sohalarda erishayotgan yutuqlarini qiziqish bilan kuzatamiz. Sportchilaringizning Olimpiada qo‘lga kiritgan shoda-shoda medallari bilan ham tabriklaymiz. Aytishim kerak, doim katta qiziqish bilan kuzatib boramiz, - dedi  mazkur muzeyda direktor bo‘lib ishlayotgan Mehmet Akkaya. – Muzeyga kelsak, uning asosiy qismini qanday tarzda boyitish mumkinligi haqida bosh qotirganmiz. Chunki qo‘limizda juda muhim sulton Mehmet Fotih hikoyasi bor edi. Muzey konsepsiyasi ustida ishladik, muzokaralarga erishildi. Chunki sulton Mehmet Fotih hikoyasi biz uchun juda muhim bo‘lgan. So‘ng interaktiv muzey tashkil qilish qarorida to‘xtaldik. Keyinchalik zaruriy moliyaviy qadamlarni qo‘yib, muzeyning hozirgi ko‘rinishiga erishdik. Hozirda dunyoning eng katta ko‘rgazmasi faqat bizda. 360 daraja va 2350 kvadrat metrlik maydonda faoliyat yuritmoqdamiz. Tashrif buyuruvchilarga haftada 7 kun xizmat ko‘rsatamiz. Tasavvur qiling, 140 metrga 20 metrlik ekran. Uning 360 darajaga aylantirilganini tasavvur qilyapsizmi, bu juda mashaqqatli ish. Oldimizga qo‘ygan maqsadimiz yo‘lida dalil qadam tashlab, unga erishdik. Tashrif buyuruvchilarga sulton Mehmet Fotihning kimligini tushuntira oldik. Aslida, muzeyning panoramali hududiga kirilganida sulton Mehmet Fotihning tushiga sherik bo‘lish mumkin. Ya’ni, tashrif buyuruvchilarni 1450 yilning 29 may tongi qarshi oladi. Bu – panoramali muloqot maydoni. Chiroqlar o‘chgach, sulton Mehmet Fotih bilan birga uning haqiqiy orzusiga hamroh bo‘linadi. Uning orzusi shu yerda amalga oshadi va chiroqlar qayta yonishi bilan sulton Mehmet Fotihning orzusi tugaydi va tashrif buyuruvchi asl haqiqatni anglaydi. Usta tomonidan  1481 yilda yasalgan sulton Mehmet Fotihning medaloni ham Turkiyaga olib kelindi. Bu medalon olti oydirki shu yerda saqlanmoqda. Necha yillardan beri orzu qilingan medalon.

Uchrashuv davomida muzey direktori bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar ham olib borildi va o‘zaro hamkorlikning kelgusi bosqichlari muhokama qilidi. Hamkorlik tarzida loyihalar amalga oshirilishiga kelishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122120 | Инструменты