"Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yana-da mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident Farmoni (PF-68-son, 21.04.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yana-da mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish;
- diniy-maʼrifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish orqali zamon talablariga mos mutaxassislarni yetishtirish;
- aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
“Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda, hamkorlar:
- Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
- O‘zbekiston mahallalari uyushmasi
- Yoshlar ishlari agentligi
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi
- Ichki ishlar vazirligi
Ushbu hamkorlik tizimining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- diniy sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
- vijdon erkinligini taʼminlash, turli konfessiyalar vakillarining o‘zaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qo‘llab-quvvatlash.
Farmonga muvofiq, fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 2025 yil 1 sentyabrgacha “Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Portalda:
- “Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron ro‘yxati shakllantiriladi;
- “Haj” va “Umra” faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar raqamlashtiriladi.
- O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda o‘quv dasturi, qo‘llanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.
Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari yo‘nalishlarida mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga masʼul muassasa hisoblanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42216 | Инструменты