O‘zbekiston infratuzilma, energetika va sanoat sohalarini rivojlantirishda uzoq muddatli investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish, milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishning moliyalashtirish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishni maqsad qilgan.
Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining kuzatuvchi maqomida 2024 yil 26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishidagi ishtiroki davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslaridan biri aynan O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga 2025 yilda aʼzo bo‘lib kirish masalasi edi.
Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini taʼsis etish haqidagi bitimga qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mana shu muhim tashabbusning ijrosiga qaratilgan.
Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir xalqaro moliya tashkilotiga aʼzo bo‘lib kirishining, ushbu tuzilma imkoniyatlaridan milliy iqtisodiyotimizni yana-da rivojlantirish maqsadida foydalanishning huquqiy asosini yaratadi.
Xususan, 7 milliard dollar ustav kapitaliga ega Yevroosiyo taraqqiyot bankining asosiy maqsadi aʼzo davlatlarda investitsion loyihalarni moliyalashtirish bo‘lib, bu yo‘nalishda bank “yashil” iqtisodiyot, transport-logistika, muqobil enegretika, raqamli transformatsiya, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha investitsion faoliyatni olib borishga qaratilgan.
Bu yo‘nalishda 2016 yildan to shu kunga qadar bank 15 milliard dollarlik moliyalashtirishni amalga oshirgan. Ahamiyatli tomoni, bank aʼzo davlatlar milliy valyutasida hisob-kitoblarni amalga oshirish tizimini ham yo‘lga qo‘ygan.
Muhokamalarda ayrim savollar ko‘tarildi va masʼullar tomonidan javob qaytarildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12205 | Инструменты