Huawei 1
O’zbekistonda “El-yurt fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi mumkin

O’zbekistonda harbiylar uchun “El-yurt fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi mumkin. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari bilan uchrashuvi davomida taklif qildi.

Ta’kidlanishicha, bu nishon guvohnomasi Oliy Bosh qo‘mondon tomonidan imzolanadi. Ushbu e’tirof egalari barcha imtiyozlarga ega bo‘ladi.

“Bugun dunyoning turli nuqtalarida yangi tahdid va qurolli to‘qnashuvlar yuz bermoqda. Bunday tahlikali vaziyat xalqimizni ham bezovta qilishi tabiiydir. Shu bois davlatimiz mustaqilligini, xalqimiz tinchligini himoyalashga katta ahamiyat qaratilmoqda”, - dedi prezident.

Davlat rahbari harbiy xizmatchilar oilasiga e’tibor va g‘amxo‘rlik hamisha davom ettirilishini ta’kidladi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko’ra, halok bo‘lgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining har bir oila a’zosi uchun pensiya miqdori 25 foizga oshiriladi. Natijada har bir oila a’zosi o‘rtacha 2 million so‘mdan pensiya oladi.

Ikkinchidan, vafot etgan xizmatchilarning oila a’zolaridan hozirda 82 nafarining uy-joyi yo‘q, ularning 21 nafari ijarada va 61 nafari qarindoshinikida yashaydi. Bundan buyon, muhtoj oilalarga birinchi navbatda turar joy beriladi va imtiyozli ipoteka krediti olish imkoniyati yaratiladi. Oila a’zolariga ijara to‘lovi uchun 1 million 800 ming so‘mgacha pul beriladi. Bundan tashqari, halok bo‘lgan xizmatchining farzandlari bog‘cha, kollej, texnikum va oliygohda bepul ta’lim-tarbiya oladi.

Uchinchidan, oila a’zosi daromadining soliqdan ozod qilinadigan summasi 2 barobar ko‘payadi. Bu tartib xodimning farzandlariga ham tatbiq etiladi. Natijada marhum xizmatchining oilasi ro‘zg‘orida har oy o‘rtacha 700 ming so‘m qo‘shimcha pul qoladi.

To‘rtinchidan, bundan buyon ushbu toifadagi xizmatchining oila a’zolari harbiy shifoxonalarda bepul davolanish huquqiga ega bo‘ladi va navbatdan tashqari statsionar tibbiy yordam oladi. Ularga dori-darmon va protez-ortopediya moslamalari olib beriladi, jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi. Xizmatchining ota-onasi, turmush o‘rtog‘i har yili sanatoriyda bepul davolanadi, bolalari oromgohlarda sog‘lomlashtiriladi. Ularning ota-onasi uchun yiliga ikki marta temir yo‘l va havo transportida yurish bepul bo‘ladi.

Beshinchidan, halok bo‘lgan xizmatchilar oilasini harbiylashgan va huquq-tartibot idoralari tomonidan otaliqqa olish amaliyoti joriy etiladi. Shu bilan birga, viloyat hokimliklari tomonidan og‘ir ahvoldagi bunday oilalarga har oy 400 ming so‘m miqdorida nafaqa berib boriladi.

Ma’lumki, Vatanga qasamyod qilgan xizmatchi noxush holatlardan kafolatlanmagan. Bundan buyon, agar xizmatchi o‘z burchini bajarishda halok bo‘lgan taqdirda, uning oilasiga ish haqini 150 baravari miqdorida bir yo‘la nafaqa beriladi. Ya’ni, bu nafaqa o‘rtacha 300 million so‘mdan 500 million so‘mga oshiriladi. Halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta to‘lovi 25 million so‘mdan 60 million so‘mga ko‘payadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 73019 | Инструменты