O‘zbekistonda 2024 yilda respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan jinoyatlarning umumiy soni 132 298 tani tashkil etgan. Bu 2023 yilga nisbatan 27,1 foizga, 2020 yilga nisbatan esa 113,1 foizga ko‘payganini ko‘rsatadi. Bu Statistika agentligining hisobotida qayd etilgan.
Ushbu davrda jinoyatlar soni 10 ming kishiga nisbatan 35,6 ta, 2021 yilning shu davrida 31,8 ta, 2022 yilda 29,2 ta va 2023 yilda 28,3 ta bo‘lgan.
2024 yilning yanvar-dekabr oylarida jinoyatchilikning 10 ming aholiga nisbatan eng yuqori darajasi Toshkent shahrida — 104,3 ta (2023 yilga nisbatan keskin — 32,8 taga oshgan) qayd etilgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida — 47,7 ta, Navoiy viloyatida — 38, Buxoro viloyatida — 36,3 ta, Sirdaryo viloyatida — 35,7 ta va Farg‘ona viloyatida — 34,8 ta jinoyatchilik holatlari kuzatildi.
Eng kam jinoyat darajasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (23,2 ta), Samarqand (22,1 ta) va Qashqadaryo (21,8 ta) viloyatlarida aniqlangan. Shuningdek, Xorazm viloyati jinoyatchilik darajasi bo‘yicha oxirgi o‘rinni egallab, 10 ming aholiga nisbatan 21,5 ta jinoyat holati qayd etilgan.
Jinoyatlar dinamikasi tahliliga ko‘ra o‘ta og‘ir jinoyatlar soni 5357 tani tashkil etib, 2023 yilning shu davriga nisbatan 24,1 foizga oshgan, og‘ir jinoyatlar soni esa 2,4-marta oshgan bo‘lsa, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 33,4 foizga va ijtimoiy xavfi kam bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 14,4 foizga kamaydi.
2024 yilning yanvar-dekabr oylarida hududlar bo‘yicha eng ko‘p jinoyatlar Toshkent shahrida (32 106 ta), Toshkent (14 702 ta), Farg‘ona (14 289 ta) va Samarqand (9 402 ta) viloyatlarida, eng kami esa — Sirdaryo (3 295 ta) Navoiy (4 120 ta) va Jizzax (4 288 ta) viloyatlarida qayd etilgan.
2021 yilning yanvar-dekabr oylarida jinoyatlar soni 111 082 ta qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 132 298 tani tashkil etdi. So‘nggi to‘rt yil davomida (2021−2024 yillar yanvar-dekabr oylari) qayd etilgan jinoyatlar soni 21 216 taga yoki 19,1 foizga ko‘payish holati kuzatildi. Shu bilan birga, 2024 yilning yanvar-dekabr oylarida 2023 yilning mos davriga nisbatan 27,1 foizga, 2022 yilning mos davriga nisbatan esa 27,6 foizga oshgan.
Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning aksariyati iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar — 62,9 foiz, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar ikkinchi o‘rinda — 20,2 foiz, shu bilan bir qatorda shaxsga qarshi jinoyatlar — 11,2 foiz, shuningdek, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlar — 5,4 foizni tashkil etdi. Shuningdek, tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar — 0,2 foiz, ekologiya sohasidagi jinoyatlar — 0,1 foizga yetdi.
2024 yilning yanvar-dekabr oylarida 2023 yilning mos davriga nisbatan quyidagi jinoyat turlari kamaygan: qasddan badanga yengil shikast yetkazish — 21,8 foizga, nomusga tegish va nomusga tegishga urinish — 6,9 foizga, qasddan odam o‘ldirish va odam o‘ldirishga urinish — 11,4 foizga, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish (hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatini yo‘qotish) 10,9 foizga kamaygan. Odam savdosi — 22,9 foizga, ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirish — 0,3 foizga o‘sgan.
Aniqlangan iqtisodiy sohadagi jinoyatlar orasidao‘g‘rilik — 58,1 foizni, firibgarlik — 35,1 foizni, talonchilik — 0,6 foizni, o‘zlashtirishyoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish — 1,6 foizni, bosqinchilik — 0,2 foizni tashkil etdi.
Firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari 2023 yilga nisbatan keskin oshgan. 2024 yilda firibgarlik jinoyatlari 29 252 ta holatda qayd etilgan bo‘lib, bu 2023 yildagi 18 492 ta va 2022 yildagi 20 591 ta holat bilan solishtirilganda sezilarli o‘sish ekanini ko‘rsatadi. Bu esa firibgarlik 2023 yilga nisbatan 58,2 foiz, 2022 yilga nisbatan esa 42,1 foizga ortganini anglatadi. O‘g‘rilik jinoyatlari esa 2023 yilga nisbatan 225,7 foizga, 2022 yilga nisbatan esa 217,5 foizga o‘sgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30415 | Инструменты